Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 1-fevral kuni mamlakat viloyatlari hokimlari ishtirokida amaliy uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar qilmoqda “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Viloyat rahbarlarining hisobotlarini tinglagan davlat rahbari paxta ekish uchun yerni o‘z vaqtida shudgorlash va tekislash, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, paxtakorlar uchun urug‘larni tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Prezident mo‘l hosil olish va aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashni yaxshilash uchun ertaki kartoshka, piyoz va boshqa sabzavotlarni ekish choralarini ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov ixtisoslashgan olimlarga kartoshkaning xususiyatlarini yaxshilash, uning sifati, hosildorligi va ozuqaviy qiymatini oshirish sohasida izlanishlar olib borish to‘g‘risida buyruq berdi.

Bundan tashqari, hudud rahbarlariga mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab qurilayotgan inshootlarda ishlarni o‘z vaqtida yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, hokimlarga turar joy binolari, maktablar va bolalar bog‘chalarini issiqlik va elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalarini qat’iy nazoratga olish buyurildi.

Agrosanoat majmuasi uchun alohida mas’ul bo‘lgan bosh vazir o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyevga qishloq xo‘jaligi texnikasini mukammal holatda saqlash, yerni shudgorlash, paxta tozalash korxonalarida xomashyoni yuqori sifatli qayta ishlashni ta’minlash va ekish mavsumi uchun urug‘lar tayyorlashga ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, davlat rahbari mansabdor shaxsga bug‘doyni korxonalarda saqlash, yuqori sifatli un, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarishni qat’iy nazorat qilishni buyurdi.

Ma’lum qilinishicha, 2020-yil fevral oyida Turkmaniston COVID-19 ning o‘z hududiga kirib borishiga qarshi choralardan biri sifatida Eron bilan chegarani yopib qo‘ygandan so‘ng Turkmaniston kartoshka yetishmovchiligiga va uning narxining keskin o‘sishiga duch keldi. 2020-yil davomida Turkmaniston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlaridan kartoshka sotib olishni ko‘paytirdi.

Avvalroq Berdimuhamedov go‘zallik tanlovida g‘olib bo‘lgan itlar uchun beriladigan medal dizaynini ma’qullagani, xorijdan keltirilgan harbiy texnikalarni ehtiyot qilishni buyurib, vertolyot qulashi sabab chegara xizmati boshlig‘ini ishdan bo‘shatgani hamda alabay itlari va axaltekin otlarining bayramini birlashtirish haqida buyruq bergani haqida xabar berilgandi.