SpaceX kompaniyasi tomonidan Oy va Marsga parvoz qilish uchun ishlab chiqilgan Starship kosmik kemasi prototipi AQShning Texas shtatida o‘tkazilgan sinovlar chog‘ida, qo‘nish vaqtida portlab ketdi, deb yozadi “RBK”. Raketani uchirish jarayoni kompaniyaning Twitter’dagi sahifasi orqali translyatsiya qilindi.

Seriya raqami 9 (SN9) bo‘lgan raketa muvaffaqiyatli tarzda uchirildi. Maqsad 10 kilometrgacha balandlikka ko‘tarilishdan iborat edi. Ammo qo‘nish vaqtida raketa yerga urilib, portlab ketdi.

SpaceX’ning integratsiya bo‘yicha bosh muhandisi Jon Inspruker onlayn-translyatsiya chog‘ida “uning ajoyib parvoz bo‘lgani, shunchaki qo‘nish ustida biroz ishlash kerak”ligini ta’kidladi.

Starship’ning 2020-yil dekabridagi bundan avvalgi parvozi ham muvaffaqiyatsiz yakunlangan, kemaning SN8 prototipi Texasda muvaffaqiyatli startdan keyin qo‘nish chog‘ida portlab ketgan edi.

O‘shanda SpaceX’dagilar avariyaga qo‘nish chog‘ida yoqilg‘i bakidagi past bosim sabab bo‘lganini aytgandi. Kompaniya asoschisi Ilon Mask, shunga qaramay, sinovlarni muvaffaqiyatli deb atadi.

Starship kosmik kemasi va o‘ta og‘ir raketasi Yerga yaqin orbita, Oy va Marsga ekipaj va yuklarni olib chiqishga mo‘ljallangan. Starship Yerga yaqin orbitaga 100 tonnadan ortiq yukni yetkazishga qodir bo‘lgan tarixdagi eng kuchli tashuvchi raketa bo‘lishi kutilmoqda.