Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 8 yoshli qizni begona erkak olib ketmoqchi bo‘lgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar asosida shahar IIB va prokuratura tergov harakatlari boshladi.

Foto: Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati

Toshkent viloyati IIB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, voqea 29-yanvar kuni soat 12:10 larda sodir bo‘lgan. 2013-yilda tug‘ilgan, 1-sinf o‘quvchisi S.A. maktabdan chiqqanda uning yoniga noma’lum shaxs kelgan va u bilan suhbatlashgan. Unga shirinlik olib berishini aytib, qo‘lidagi maktab sumkasini olib, birgalikda bozor tomonga harakatlangan.

Ular biroz yurgandan so‘ng qizaloq u bilan ketmasligini aytib, yig‘lay boshlaganida erkak qizga maktab sumkasini qaytarib, o‘zi yo‘lda davom etgan. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videoda ham aks etgan.

Surishtiruvlar davomida qizning ota-onasi videodagi shaxsni tanimasligini aytgan. Ayni paytda qiz sog‘lom va ota-onasining yonida.

Hozirda ushbu shaxsning kimligini aniqlash yuzasidan shahar IIB xodimlari surushtiruv ishlarini davom ettirmoqda.

Viloyat IIB, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu vaziyat bilan bog‘liq bo‘rttirilgan yolg‘on axborot va fuqarolar tomonidan hech bir asosga ega bo‘lmagan, odamlarda shubha tug‘diruvchi turli ovozli xabarlar tarqatilayotganini bildirib, asoslanmagan xabarlarni tarqatmaslikni va noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘ragan.

2019-yilning oktabr oyida Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida maktabdan bola o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan ayol haqidagi xabarlar tarqalgandi. Keyinchalik ayol dugonasining iltimosiga ko‘ra, uning qizini o‘zining 7 yoshli farzandi bilan birga maktabidan olib kelishga borgani, qiz uni tanimagani uchun u bilan ketishni istamagani ma’lum bo‘lgandi. Oqibatda anglashilmovchilik fuqarolar tomonidan suratga olinib, “bola o‘g‘risi” deb, tasdiqlanmagan noto‘g‘ri xabarlar tarqatilgan.