Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahrida 8 yoshli qizni begona erkak olib ketmoqchi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Mazkur ko‘ngilsiz holatga oid ma’lumotlar 2-fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan. Tergov departamenti mazkur holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Foto: Tergov departamenti

Ma’lum qilinishicha, 29-yanvar kuni soat taxminan 12:10 larda noma’lum shaxs Yangiyo‘l shahri Samarqand ko‘chasida joylashgan 10-sonli o‘rta ta’lim maktabi oldidan o‘tib ketayotganida, mazkur maktabning 1-sinf o‘quvchisi, 2013-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan S.ning oldiga kelgan. Qizni “otangga olib boraman va bozordan shirinlik (shokolad) olib beraman, onang aytdi”, deb aldab, qo‘lidan ushlagan va Samarqand ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan.

Ko‘chaning temiryo‘l vokzali oldidan o‘tib ketayotganida, ularni ushbu ko‘chada kabob tayyorlab sotuvchi Abdulaziz O. ko‘rib qolganligi sabab noma’lum shaxs qiz va uning sumkasini tashlab hodisa joyidan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan 3-fevral kuni Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘g‘irlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov olib borilmoqda.