Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 6-fevral kuni Turkmaniston hukumatining transport va kommunikatsiyalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda mamlakatdagi internet narxlarini qayta ko‘rib chiqish, ikkinchi sun’iy yo‘ldoshni uchirish, yuk tashuvchi samolyotlarni sotib olish hamda boshqa masalalar muhokama qilindi, deya xabar berdi “Xronika Turkmenistana”.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Turkmaniston aloqa agentligi rahbari Hojimurod Xudayguliyevning bayonotiga ko‘ra, 2020-yili mamlakatda 192 238 ta telefon punktlari o‘rnatilishi orqali yillik reja 12 foizga oshirib bajarilgan. 685 kilometr aloqa liniyalari tortilib, 266 160 kishi internetga ulangan, vazirlik va idoralarning 510 ta veb-saytlari, jumladan, davlat xizmatlari portali, tmchat messenjeri va Sanly elektron pochtasi ishga tushirilgan.

Turkmanistonda raqamli tizim joriy etish masalalarini Telekommunikatsiya va informatika instituti negizida tashkil etilgan “Raqamli yechimlar — IT platformasi” korxonasi mutaxassislari amalga oshirmoqda.

Davlat rahbari Xudayguliyevga 2019-2025 yillarga bag‘ishlangan Turkmanistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish konsepsiyasi ijrosini tezlashtirish; internet xizmatlarini ommaga ochiqlash; “reklama va marketingni kuchaytirish orqali” birinchi turkman telekommunikatsion sun’iy yo‘ldoshi Türkmen Älem 52°E’ning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish hamda ikkinchi sun’iy yo‘ldoshni tezroq ishga tushirish  haqida topshiriq berdi.

Avvalroq davlat rahbari Telekommunikatsiya va informatika instituti rektori Nurnepes Quliyevga ikkinchi turkman sun’iy yo‘ldoshini uchirishga bo‘lgan tayyorgarliklarga asosiy e’tiborni qaratish haqida ko‘rsatma bergandi. Yig‘ilishda prezident Quliyevning ishidan noroziligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, 2015-yilning aprel oyida AQShning Florida shtatidagi Kanaveral burnidagi kosmodromdan Turkmanistonning ilk sun’iy yo‘ldoshi – TürkmenÄlem 52°E fazoga uchirilgan edi. Turkmaniston buyurtmasiga asosan Fransiyaning Thales Alenia Space kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh Falcon 9 raketa-tashuvchisi yordamida koinotga olib chiqilgan.

“Turkman aviakompaniyasi” raisi Dovran Saburovning hisobotiga ko‘ra, mamlakatda yuk tashish rejasi 106,1 foizga bajarilgan. 2020-yil sentabrdan beri Turkmanboshi va Ashxabod xalqaro aeroportlarida xorijiy samolyotlarning texnik to‘xtashlari amalga oshirilmoqda. 2021-yil yanvaridan boshlab esa Ashxobod—Istanbul, Ashxobod—Abu-Dabi yo‘nalishlarida “Il-76” samolyotlari bilan haftalik muntazam yuk reyslari yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda Boeing B777-200LR yo‘lovchi samolyotlari (yuk qismlarida) bilan Osiyodan Yevropaga va Yevropadan Osiyoga muntazam yuk tashishni tashkil etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Berdimuhamedov milliy aviakompaniya rahbariga samolyotlarni ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish ishlarini o‘z vaqtida bajarish va parvozlar xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘rish, yangi yuk tashuvchi samolyotlarni sotib olishni buyurdi. Bir oy oldin davlat rahbari Turkmaniston aviakompaniyasiga ikkita ishchi yuk Airbus A330-200 P2F (yuk tashishga o‘tkazilgan yo‘lovchi samolyoti) sotib olishni buyurgan edi.

Bundan tashqari yig‘ilishda temiryo‘l, dengiz orqali yuk va yo‘lovchilar tashish rejalari ham qayta ko‘rib chiqilib, tegishli topshiriqlar berildi.

Berdimuhamedov 1-fevral kuni o‘tkazgan yig‘ilishida ixtisoslashgan olimlarga kartoshkaning xususiyatlarini yaxshilash, uning sifati, hosildorligi va ozuqaviy qiymatini oshirish sohasida izlanishlar olib borish to‘g‘risida buyruq bergan edi.