Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida aholining qaysi toifasi birinchi navbatda koronavirusga qarshi emlanishi masalasiga to‘xtalib o‘tildi, deya xabar qilmoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Ma’lum qilinishicha, Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida O‘zbekistonda barqaror epidemiologik vaziyatni saqlab qolish maqsadida koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilingan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari B.Yusupaliyevning O‘zbekiston delegatsiyasining Rossiyaning “Sputnik V” koronavirus vaksinasini o‘rganish yuzasidan ushbu mamlakatga tashrifi natijalari bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Unda “Sputnik V” vaksinasi uchinchi bosqich klinik sinovlari yakuniga yetkazilgani hamda Rossiyada ro‘yxatdan o‘tkazilgani, shuningdek, ushbu vaksinani O‘zbekistonda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha takliflar kelib tushgani ta’kidlandi.

Rossiya tomonidan taqdim etilgan uchinchi bosqich klinik sinovlari natijalari tahlili muhokama qilindi va birlamchi bosqichda sertifikatlashtirish hamda ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlash mumkinligi ma’qullandi.

Shu bilan birga, Innovatsion rivojlanish va Sog‘liqni saqlash vazirligining O‘zbekistonda Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi ZN2001 vaksinasining O‘zbekistonda 2020-yil dekabr oyidan boshlab 7 mingdan ortiq ko‘ngillilarda o‘tkazilayotgan uchinchi bosqich klinik sinovlari, shu jumladan, hozirgi kunga qadar birorta vaksina qabul qilgan ko‘ngillida uning nojo‘ya ta’siri kuzatilmagani bo‘yicha axboroti tinglandi.

Yig‘ilishda Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni o‘tkazish algoritmi va alohida tartibini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bunda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshirish, shuningdek, birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan quyidagi shaxslarni emlash nazarda tutiladi:

  • 65 yoshdan oshgan qariyalar va keksalar;
  • surunkali kasalliklari bor shaxslar;
  • tibbiyot xodimlari;
  • maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasalari xodimlari;
  • aholi bilan bevosita muloqotga kirishadigan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari.

Shuningdek, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatdagi epidemiologik vaziyat biroz bo‘lsa-da barqarorlashganini inobatga olib, aholiga madaniy hordiq chiqarishlarini tashkillashtirish maqsadida konsert saroylarining tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda (tomoshabinlarni ikkita yonma-yon o‘rindiqda joylashtirib, har uchinchisini bo‘sh qoldirish) tashkil etish tartibi belgilandi.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarurligini ta’kidlagani hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbarining o‘rinbosari Botir Qurbonov O‘zbekiston aholisini koronavirusga qarshi emlash fevral oyining oxiri, mart oyining boshida boshlanishini aytgani haqida xabar berilgandi.