Rossiya hozircha O‘zbekiston mamlakatda “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan kompaniyani tanlashini kutmoqda. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko ma’lum qildi.

Foto: Vedemecum

Rudenkoning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va MDHdagi boshqa davlatlar uchun vaksina “eng jozibali shartlarda” yetkazib beriladi.

“Markaziy Osiyodagi sheriklarimiz tomonidan Rossiya vaksinasiga bo‘lgan katta qiziqishni kuzatmoqdamiz. ‘Spunik V’ va ‘EpiVakKorona’ dori vositalari mintaqadagi mamlakatlarda sertifikatsiya jarayonlaridan o‘tmoqda. Turkmanistonda u to‘liq yakunlandi. Qozog‘iston va O‘zbekiston ‘Sputnik V’ vaksinasini ishlab chiqarishni, jumladan, tegishli texnologiyalarni uzatishni tashkillashtirishda yordam ko‘rsatmoqda”, — deydi u.

Rudenkoning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya “O‘zbekiston tomoni malakali texnologik sherikni aniqlashini kutmoqda”.

“Butun dunyoda koronavirus infeksiyasining yuqori tezlikda tarqalishi davom etayotganini hisobga olgan holda, biz sheriklarimizning ehtiyojini qondirish uchun maksimal darajada harakat qilamiz”, — deya ta’kidlaydi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda ayni vaqtda Xitoyning Anhui Zhifei Loncom Biofarmaceutical kompaniyasi tomonidan yaratilgan ZF 2001 rekombinant vaksinasining sinovlari davom etmoqda. Shuningdek, Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi ham mavjud. Umuman, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani haqida 2020-yilning noyabrida ma’lum bo‘lgandi.