So‘nggi o‘n yillikda ko‘plab taniqli o‘zbek san’at va madaniyat sohasi vakillari AQSh, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga ko‘chib ketmoqda. Ayrimlar musofir yurtda ijodiy faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lsa, ba’zilar boshqa sohadan daromad topyapti. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov turli sabablar bilan Rossiyaga ko‘chib ketgan taniqli san’atkorlar haqida material tayyorladi.

“O‘zbekistondan ketishni rejalashtirmagandim”

“Ovora bo‘lma”, “Meni esla”, “Yurak mahzun” kabi taronalari va “Sug‘diyona”, “Xo‘ja Nasriddin” filmlaridagi rollari bilan mashhurlikka erishgan Sug‘diyona bir necha yildirki, Moskvada yashab, faoliyat yuritmoqda. Asl ism-familiyasi Oksana Nechitaylo bo‘lgan qo‘shiqchi ijodini 2001-yilda O‘zbekistonda boshlagan. 2006-yili Moskvada o‘tkazilgan “Yulduzlar fabrikasi” loyihasidagi yorqin ishtiroki bilan Rossiyada ham tanilgan. Toshkentlik xonanda rus shou-biznesida Sharq malikasi qiyofasi bilan e’tibor qozongan. Rossiya fuqaroligini olgan 37 yoshli Sug‘diyonaning ikki nafar o‘g‘li bor.

Kollaj: “Daryo”

“Men O‘zbekistondan ketishni rejalashtirmagandim va hech nimani o‘zgartirishni istamagan edim. Bilasizmi, ko‘p insonlar dunyo bo‘ylab ko‘chib yuradi. Nazarimda, asosiysi kimligimiz, qayerdan ekanligimiz va o‘z ildizlarimizni unutmasligimiz kerak”, degan edi u intervyularining birida.

Foto: Instagram

Eslatib o‘tamiz, Sug‘diyona O‘zbekistonda “Nihol”, Rossiyada “Oltin grammofon” mukofotlari hamda Ingushetiyada xizmat ko‘rsatgan artist, Checheniston xalq artisti unvonlariga sazovor bo‘lgan.

Rusiyzabon yoshlarning sevimli xonandasi

Foto: genius.com

1998-yil Toshkentda tug‘ilgan Abdulg‘ofur Isaxonov ham ayni paytda Rossiyada yashaydi. U “Soy qo‘shig‘i”, “Novda”, “Dadam betob” va “Elparvar” kabi filmlardagi turli xarakterdagi rollari orqali kino muxlislarga yaxshi tanish. Qisqa vaqt ichida rossiyalik yoshlarning sevimli yulduziga aylangan ijodkor RAAVA Music leybli guruhida ijod qilmoqda. “Gafur” taxallusi bilan tanilgan Abdulg‘ofur o‘tgan yili “Kaleydoskop” nomli ilk albomini chiqardi. Uning “Lollipop” taronasiga ishlangan klipdagi Gafur va Jony’ning raqslari yoshlar o‘rtasida tez ommalashdi. Ushbu harakatlar ayniqsa, TikTok ijtimoiy tarmog‘ida chellenjga aylandi.

“Sado”dagi Aziza Muhamedova

Kollaj: “Daryo”

1980-yillar mashhurlikka erishgan “Sado” ansambli a’zosi Aziza Muhamedova 30 yildan buyon Rossiyada faoliyat yuritadi. U 1964-yil Toshkent shahrida professional musiqachilar oilasida dunyoga kelgan. Aziza 16 yoshida “Sado” ansambliga qabul qilinib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kumush Razzoqova hamda ayni paytda Rossiyada yashayotgan Mila Romanidi bilan bir safda qo‘shiq kuylaydi.

Foto: Instagram

1988-yilda O‘zbekiston Davlat konservatoriyasini bitirgach, o‘sha yili Latviyada o‘tkazilgan Sovet estrada yosh ijrochilarining uchinchi Butunittifoq televizion tanlovida qatnashadi. 1989-yilda Moskvaga ko‘chib ketadi va u yerda yakkaxon ijodini boshlaydi. “Xushomadgo‘y” qo‘shig‘i bilan omma nazariga tushgan xonanda 1990-yil “Aziza” nomli debyut albomini chiqaradi. U o‘tgan davr mobaynida yuzlab qo‘shiqlar yaratib, o‘nlab albomlarini sotuvga chiqardi va bir qancha televizion loyihalarda g‘oliblikka erishdi. 57 yoshli Aziza Muhamedova hozir ham Moskvada faol ijod qilib kelmoqda.

“Shaytanat”dagi Hongirey

Kollaj: “Daryo”

“Shaytanat” serialidagi Hongirey roli orqali kinosevarlar yodida qolgan Rustam Qayumov ko‘p yillardan buyon yaqinlari bilan Moskvada istiqomat qiladi. U aktyor sifatida faqat “Shaytanat”da rol o‘ynagan. O‘zbekiston xalq artisti, mashhur kino operator Malik Qayumovning nabirasi hisoblangan Rustam Qayumov Toshkent avtomobil yo‘llari institutini bitirgach, bir muddat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha mehnat qiladi. So‘ngra Rossiyaga ko‘chib ketishga qaror qiladi. Hozirda u tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Foto: YouTube

Zarina Nizomiddinova

Foto: Instagram / @zarinanizomutdinova

“Romeo va Juletta” filmidagi roli orqali mashhurlikka erishgan ijodkor Zarina Nizomiddinova 2020- yil may oyida Moskvada yashayotganini ma’lum qildi. Birinchi turmushidan Temurxon ismli o‘g‘ilni dunyoga keltirgan aktrisa 2020-yilning bahorida ikkinchi marta onalik baxtiga erishib, farzandiga Saidumar deb ism qo‘ydi. Hozirda Zarina Nizomiddinova uchinchi umr yo‘ldoshi va ikki farzandi bilan Moskvada hayot kechirmoqda.

“Bo‘rilar”dan “Baron”gacha

Kollaj: “Daryo”

Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Farhod Mahmudov o‘n yetti yoshigacha Toshkent shahrida yashagan. Kinodagi ilk rolini “Bo‘rilar” (Sobir Nazarmuhammedovning 1986-yilda tasvirga tushirilgan) filmida o‘ynagan Farhod Mahmudov maktabni tamomlaganidan so‘ng Moskvaga ketadi. U o‘sha vaqtgacha Valeriy Axadovning “Nazar”, Melis Abzalovning “Sharq mug‘ombiri” musiqali komediyasida ham suratga tushishga ulgurgan. 1993-yilda Butun Rossiya davlat kinematografiya universitetini tamomlagan aktyor bir yil Moskva drama teatrida ishlaydi. 1994-yildan beri esa Roman Viktyuk teatrida faoliyat yurityapti.

Foto: Facebook

Farhod Mahmudov “Brigada” seriali, “Siznikiga farishta keldi”, “Zastava”, “Sutli viski” kabi filmlardagi ijrolari orqali Rossiyada ham mashhurlikka erishgan. U 2016-yil o‘zbek kinosidagi uzoq yillik tanaffusga chek qo‘yib, “Baron” filmida ko‘rinish berdi. Keyin esa “Ibrat” tarixiy filmida ham rol o‘ynadi. Bugungi kunda ona yurtida bo‘lib turgan aktyor “Pari sovg‘asi” nomli rejissorlik filmini suratga olish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Xonanda Lola

Foto: Instagram / @lolaofficial_

Latofatli xonanda Lolaning Moskva shahrida yashayotgani 2020-yilning yozida uchinchi marta onalik baxtiga sazovor bo‘lganidan keyin ko‘pchilikka ma’lum bo‘ldi. 2011-yilda birinchi turmushidan ajrashgan xonanda uchinchi farzandini Rossiya poytaxtidagi klinikalardan birida dunyoga keltirdi. U hozirda Shahina, Shohdiyor va Aisha ismli farzandlari hamda ikkinchi turmush o‘rtog‘i bilan Moskvada istiqomat qilmoqda.

Toshkent—Nyu-York—Moskva...

15 yoshida “Meni esla” qo‘shig‘ini kuylab, tinglovchilar nazariga tushgan Zokirovlar sulolasi davomchisi Nargiz Zokirova 1995-yilda ota-onasi va qizi bilan AQShga ko‘chib ketadi. U Nyu-Yorkda dastlab turli do‘kon va restoranlarda chiqish qiladi, bir qancha guruhlarda qo‘shiq kuylaydi. 2001-yilda “Oltin qafas” etno uslubidagi albomini yozadi va yakkaxon sifatida ijodini boshlaydi.

Foto: zab.ru

2013-yil Rossiyaning “Ovoz” televizon loyihasida ishtirok etib, hakamlar va tomoshabinlarni hayratga soladi hamda tanlovning final bosqichida ikkinchi o‘rinni egallaydi. Nargiz Zokirova 2014-yil aprelidan 2019-yil avgustigacha rossiyalik taniqli prodyuser va bastakor Maksim Fadeyev bilan hamkorlik qiladi. U MALFA prodyuserlik markazida ishlagan davrida o‘nlab hit qo‘shiqlar va albomlar yaratadi. 2014-yilda “Sankt-Peterburgning oq tunlari” xalqaro musiqa festivalida Rossiya vakili sifatida qatnashib, Gran-prini qo‘lga kiritadi. Nargiz Zokirova hozirda Moskvada yashab, faoliyatini davom ettirmoqda. Xonanda uch nafar farzand – Sabina, Leyla va Auelning onasi hisoblanadi, Nuh ismli nabirasi bor.

“Fazo”ning Abdushukuri

Kollaj: “Daryo”

2000-yillarda yoshlarning sevimli guruhidan biriga aylangan “Fazo”da ijod qilgan Abdushukur Abdurahmonov ham o‘n yildan beri Rossiyada yashaydi. “Fotima va Zuxra”, “Janob hech kim” kabi filmlardagi rollari bilan ham tomoshabinlarga yaxshi tanish bu serqirra ijodkor ona yurti O‘zbekistonga tez-tez kelib turadi.

Foto: “Fotima va Zuhra” filmidan skrinshot

Muhojirlikdan katta sahnaga...

Rossiya estradasining taniqli yulduzi reper MC Doni 1985-yili Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Asl ismi-familiyasi Dostonbek Islamov bo‘lgan xonanda Farg‘ona shahrida ulg‘aygan. Ayni o‘smirlik chog‘ida rep va hip-hop yo‘nalishiga qiziqib qolgan Dostonbek Islamov boshida klub va barlarda DJ’lar xatti-harakatini kuzatib, ulardan o‘ziga nimadir olishga harakat qiladi.

Foto: tntmusic.ru

2012-yili Moskvaga muhojir sifatida borib, dastlab og‘ir jismoniy mehnat orqali pul topadi. Dostonbek Islamov qurilish sohasida ishlasa-da, undagi musiqaga bo‘lgan ishtiyoq tinchlik bermaydi. Bo‘lajak reper avvaliga tungi klublarda qo‘shiq aytadi va tez orada tor doiralarda shuhrat qozonadi. Butunrossiya mashhurligini orzu qilgan MC Doni 2014-yili bir nechta bosqichdan iborat kastingdan omadli o‘tib, Black Star jamoasiga qo‘shiladi. Uning iste’dodi Black Star asoschisi Timur Yunusov (Timati) tomonidan yuqori baholanadi.

Foto: new.myday.uz

Reper bir qancha duetlardan so‘ng 2016-yilda ikkita qo‘shig‘ini o‘z tinglovchilariga havola etadi va har yili ketma-ket hit taronalar yaratadi. Yuzlab qo‘shiqlar ijrochisi MC Doni 2020-yilning yanvarida Black Star brendini tark etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashabbus faqat uning o‘zidan kelib chiqqan, chunki unda musiqadan tashqari boshqa ko‘plab biznes loyihalari ham paydo bo‘lgan. Vaqt yetishmasligi bois u yakka ishlashga qaror qilgan.

Ravshana Kurkova

Rossiyalik san’at muxlislari ko‘nglidan joy olgan o‘zbekistonlik mashhurlar haqida so‘z ketar ekan, nomdor ijodkorlar qatoriga Ravshana Kurkovani ham qo‘shmaslikning iloji yo‘q. U 1980-yil Toshkent shahrida san’atkorlar oilasida tug‘ilgan. Otasi taniqli o‘zbek aktyori Bahrom Matchonov bo‘lib, u ancha yildan beri AQShda yashaydi. Onasi Ra’no Kubayeva ham aktrisa va kino rejissor.

Foto: Instagram

Ravshana Kurkova ilk rolini 12 yoshida Rashid Malikovning “Qirq quloq siri” falsafiy dramasida o‘ynaydi. U Uspenskiy nomidagi musiqa maktabida tahsil olgach, 1990-yillar oxirida onasi bilan Moskvaga ko‘chib ketadi. Moskva pedagogika davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlaganidan so‘ng televideniyeda muharrir va rejissor yordamchisi bo‘lib ishlaydi. Keyinchalik rejissorlik va aktyorlik bo‘yicha kurslarga qatnab, soha mutaxassislaridan saboq oladi.

Foto: Instagram

Ustazoda san’atkor “Oq qarg‘a”, “Haqiqiy bo‘lmagan sevgi”, “...va bizning hovlimizda”, “Oshiq ayollar” kabi yuzlab film va teleseriallarda rol talqin qilishdan tashqari bir muddat teatrda ham faoliyat yuritgan. Uning “Xonalar”, “Chidab bo‘lmas darajada uzoq quchoqlashish” kabi spektakllardagi rollari muvaffaqiyat qozongan. Shuningdek, kliplardagi ijrolari va model sifatida ham tanilgan.

“...va bizning hovlimizda” teleserialidan

Foto: ruskino.ru

Serqirra ijodkor ikki marta oila qurib, ajrashgan. Birinchi turmush o‘rtog‘i fotosuratchi Semyon Kurkov bo‘lib, oila ajrashgach, u sobiq erining familiyasida qolishni lozim topdi. Ikkinchi umr yo‘ldoshi aktyor Artyom Tkachenko bilan 2004-—2008-yilgacha yashagan.