Toshkent shahrida voyaga yetmagan qizlarni ta’qib qilib, jinsiy yaqinlik qilmoqchi bo‘lgan 36 yoshli erkakka nisbatan hukm o‘qildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tuman sudi sudyasi Farhod Abdushukurovga tayanib, Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, sudlanuvchi 2020-yilning 28-noyabr kuni mastligida Bektemir tumanidagi ko‘p qavatli uylardan birida liftga voyaga yetmagan ikki qizning kirib ketganini ko‘rib, ularning ortidan kirgan. Lift 1-qavatdan 6-qavatga ko‘tarilgunga qadar erkak behayo harakatlar qilib, qizlardan birining qo‘llaridan ushlagan, uni o‘ziga tortib, qo‘li bilan zo‘rlik ishlatagan.

Lift eshigi ochilishi bilan voqea joyidan yashiringan.

Oradan taxminan 10 daqiqa o‘tgach, erkak liftga boshqa voyaga yetmagan qizning kirib ketayotganini ko‘rgan va uning ortidan yana liftga kirgan. Lift 6-qavatga ko‘tarilgunga qadar erkak axloqsiz harakatlarini takrorlagan, qiz esa unga qarshilik qilgan va eshik ochilganida erkak chiqib ketgan.

“Sudlanuvchi sudda aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. U bunga spirtli ichimlik ta’siri ostida qo‘l urgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirdi”, — deyiladi xabarda.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilib, mazkur kodeksning 60, 61-moddalariga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tuman sudining 2015-yil 6-maydagi hukmiga ko‘ra tayinlangan jazoning o‘talmagan qismini qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 1 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni qattiq tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.