Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida “Kardar” eshik ishlab chiqarish sexida yong‘in yuz berdi. FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida yong‘in-qutqaruv xizmatiga 15-fevral, dushanba kuni soat 15:45 da xabar kelib tushgan.

Xabar asosida zudlik bilan 8 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmasi safarbar etilib, ular yong‘in joyiga soat 15:49 da yetib borgan. Yong‘in soat 16:39 da o‘rab olinib, 17:10 da to‘liq bartaraf etilgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘indan sexning 1500 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.

Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Yong‘in oqibatida ishlab chiqarish sexining 200 kvadrat metr maydoni yongan.

Hodisaning kelib chiqishiga sabab quritish sexida yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi deb taxmin qilinmoqda va hozirda moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Avvalroq Bektemirdagi Chirchiq daryosi bo‘yida yirik yong‘in sodir bo‘lgani, Farg‘onadagi oziq-ovqat do‘konida yong‘in kelib chiqqani, Gulistondagi “Eski bozor” hududida joylashgan qassobxonada yong‘in chiqqani haqida xabar berilgan edi.