Rossiya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Rashid Meredov “Koinotga birinchi bo‘lib qurol joylashtirmaslik to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonotni imzoladi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga tayanib “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: Turkmenportal

Hujjat koinotga qurol joylashtirmaslik yuzasidan xalqaro tashabbusning globallashuvi bo‘yicha navbatdagi qadam bo‘lib, davlatlarning kosmosda qurollanish poygasining oldini olish (KQPO) bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishga qaror qilganini tasdiqladi.

“KQPO maqsadlari uchun bugungi kunga qadar amalga oshirilgan shaffoflik va ishonchning yagona o‘lchovi sifatida ushbu tashabbus hamma uchun teng va bo‘linmas xavfsizlikni ta’minlashga, shuningdek, davlatlarning koinotni tinch holatda o‘rganish va undan shu yo‘sinda foydalanishining prognoz qilinishi va barqarorligini oshirishga yordam beradigan muhim siyosiy omil hisoblanadi”, — deya qayd etadi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi.

Rossiya va Turkmaniston mazkur qo‘shma bayonotda koinotga qurollarni joylashtirish va ulardan foydalanishni taqiqlovchi xalqaro shartnoma tuzish zarurligini ta’kidlaydi va ushbu tashabbusning ishtirokchisi bo‘lmagan mamlakatlarni unga qo‘shilish imkoniyatlarini obdan ko‘rib chiqishga chaqiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2015-yilda Turkmaniston o‘zining telekommunikatsion sun’iy yo‘ldoshi Türkmen Älem’ni kosmosga uchirgan. Turkmaniston buyurtmasiga asosan Fransiyaning Thales Alenia Space kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan sun’iy yo‘ldosh Falcon 9 raketa-tashuvchisi yordamida koinotga olib chiqilgan.

Ikkinchi turkman sun’iy yo‘ldoshini uchirish rejalari 2016-yildan beri muhokama qilinmoqda. 2020-yil yanvar oyida bu borada Rossiya Turkmanistonga yordam bermoqchiligi ma’lum qilingan.

6-fevral kuni Turkmaniston prezidenti ikkinchi sun’iy yo‘ldoshni uchirish va yuk samolyotlarini sotib olish yuzasidan bir qator ko‘rsatmalar bergan.

Rossiyada esa 2-fevral kuni “Soyuz-2.1b” tashuvchi raketa koinotga uchirilgan. U harbiy sun’iy yo‘ldoshni orbitaga muvaffaqiyatli olib chiqqan.

Avvalroq Dubay hukumati Yer orbitasidagi tijoriy nizolarini hal qilish uchun kosmik sud tashkil qilmoqchiligi haqida xabar qilingandi.