Astronomy&Astrophysics jurnalida xabar berilishicha, Hubble koinot teleskopi vositasida hamda Gaia loyihasi doirasida olingan ma’lumotlar asosida NGC6397 sharsimon to‘dani tadqiq qilgan Parij astrofizika instituti olimlari uning markazida massasi Quyosh massasiga yaqin bo‘lgan ko‘p sondagi qora tuynuklarni aniqlagan. To‘da Yerdan 7 800 yorug‘lik yili masofasida joylashgan.

Foto: ESA, Hubble, N. Bartmann

Mazkur sharsimon to‘dadagi yulduzlarning orbitasi sistematik aylana yoki cho‘zinchoq doira shaklida emas, balki tasodifiy shakllarga o‘xshash ekanligi olimlarning e’tiborini tortgan. Bu haqida Parij astrofizika instituti mutaxassisi, ilmiy tadqiqotning yetakchi muallifi Eduard Vitral shunday degan:

Bizning tahlillar shuni ko‘rsatdiki, sharsimon to‘dadagi yulduzlarning orbitasi tasodifiy shakllarga yaqin bo‘lib, tizimli yoki cho‘zinchoq aylana shaklida emas ekan”.

Sharsimon to‘dalar bu – favqulodda zich yulduz sistemalari bo‘lib, ular bir-biriga juda yaqin joylashgan bo‘ladi. Bundan tashqari, odatda bunday to‘dalardagi yulduzlar juda keksa bo‘ladi. Parij astrofizika instituti xodimlari tadqiq qilgan ushbu NGC6397 sharsimon to‘daning yoshi ham koinot yoshidan sal kichik xolos.

Vitral ilmiy guruhi tomonidan NGC6397 sharsimon to‘dani tadqiq qilishdagi dastlabki maqsad – galaktika markazida bo‘ladigan o‘ta katta massali qora tuynuklardan kichikroq, lekin yulduzning kollapsi natijasida hosil bo‘ladigan, ya’ni yulduz massasiga ega qora tuynuklardan kattaroq o‘lchamdagi “oraliq” massali qora tuynukni izlashdan iborat bo‘lgan. Biroq mutaxassislar mazkur sharsimon to‘dada oraliq massali qora tuynukka duch kelish o‘rniga yulduz to‘dalarini sochma harakat qilishga majburlovchi boshqacharoq ko‘rinmas komponentga duch kelib qolishgan. Yulduz evolyutsiyasi modellarini qo‘llagan holda olimlar ushbu sharsimon to‘daning asosiy qismini yulduz massasiga ega qora tuynuklar tashkil qilishi haqidagi xulosaga kelgan.

Biz NGC6397 markaziy qismida ko‘rinmas massa mavjud ekani borasida ishonarli dalillar topdik. Shunisi hayratlanarliki, u nuqtaviy emas, balki shu to‘daning o‘z o‘lchamidan bir necha foizgacha yastanib ketgan. Bizning tadqiqotimiz zich yadroga ega sharsimon to‘dadagi bunday qora tuynuklar makonini o‘lcham va massalariga ko‘ra aniqlab bergan birinchi tadqiqotdir”, – deb xulosa bergan Eduard Vitral.