O‘zbekistonda ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini koronavirusga qarshi emlash bepul tarzda amalga oshiriladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyevning yozishicha, bu haqda Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Yig‘ilishda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi vaksinalarni ishlab chiqish hamda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash ishlarini boshlash va tashkillashtirish choralari muhokama qilingan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston hukumati aholining katta qismini, birinchi navbatda, yoshi katta, surunkali kasalligi bor, fuqarolarga birinchi xizmat ko‘rsatuvchi soha xodimlarini (shifokor, o‘qituvchi, IIO xodimlari va hokazo) 2021-yil oxirigacha koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq emlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, yoshi katta va aholini boshqa zaif qatlamlari vakillarini vaksina bilan emlash bepul tarzda, ya’ni budjet mablag‘lari hisobiga amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat dasturi bo‘yicha yig‘ilishda aholini koronavirusga qarshi emlash ishlarini boshlash zarurligini ta’kidlagandi. Sanitariya-epidemiologiya xizmati O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishini ma’lum qildi. Bunda birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar emlanadi va u faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davolash profilaktika muassasalari qoshida 3138 ta emlash xonalari va 820 ta mobil brigadalar tashkil etilgan, ular barcha emlash ishlarini jadval bo‘yicha va bosqichma-bosqich amalga oshiradi.