O‘zbekistonda koronavirusga qarshi Xitoyning ZF 2001 vaksinasi klinik sinovlari doirasida vaksina qabul qilganlar orasida 5 nafar shaxsda birinchi darajali nojo‘ya ta’sirlar (allergik reaksiya, biroz isitma chiqishi, bosh og‘rig‘i) kuzatildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasida Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi

Uning aytishicha, birinchi darajali nojo‘ya ta’sirlar kuzatilgan shaxslar unda ishtirok etganlarning 0,3 foizini tashkil etgan. Taqqoslash uchun, bu ko‘rsatkich Pfizer/BioNTech’da 2-3,8 foiz, “Sputnik V”da esa 0,3-0,4 foizga teng. Ikkinchi va uchinchi darajali nojo‘ya ta’sirlar esa kuzatilmagan.

Ushbu klinik sinovlar natijalari muvaffaqiyatli yakunlansa, Innovatsiya vazirligi O‘zbekistonda aholini emlashda mazkur vaksinadan foydalanishni hamda buning uchun Maxsus komissiya tomonidan vaksinadan favqulodda foydalanish uchun ruxsat (EUA) berilishini taklif qilmoqda. Agar maxsus komissiya tomonidan bunday ruxsat berilsa, Xitoy vaksinasi O‘zbekistonga imtiyozli narxlarda va yetarli quvvatlarda yetkazib beriladi.

Shuningdek, mamlakatda vaksina ZF-UZ-2001 nomi ostida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda tijoratlashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Maxsus komissiya raisiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi mahalliy farmatsevtika kompaniyalar bilan hamkorlikda ZF-UZ-2001 vaksinasini joriy yilda 300 million donagacha ishlab chiqish quvvatiga ega hamda O‘zbekiston aholisi soni va hukumat talablari asosida yetarli miqdorda vaksina dozalarini yetkazib berishi mumkin. Bu esa 2021-yil oxirigacha mamlakat aholisini ommaviy ravishda emlash imkoniyatini yaratadi.

Shuningdek, hukumat rahbari Xalqaro Vaksinalar Ittifoqi (GAVI) tomonidan O‘zbekistonga 2,5 millionga yaqin AstraZeneca vaksinalarini bepul yetkazib berilishi bo‘yicha ham muzokaralar yakunlanayotganini ma’lum qilgan. Muzokaralar yakuniga qarab, ushbu vaksinalarning dastlabki 800 ming donasi joriy yilning mart oylarida O‘zbekistonga keltirilishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlash mart oyining birinchi yarmida boshlanishi ma’lum qilingan. Bunda birinchi navbatda koronavirus yuqish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan shaxslar emlanadi va u faqatgina ixtiyoriylik tamoyili asosida amalga oshiriladi. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina uchun 3 trillion so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Xitoy vaksinasidan tashqari Rossiyaning “Sputnik V” vaksinasini O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish rejasi ham mavjud. Rossiya O‘zbekiston “Sputnik V” vaksinasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadigan kompaniyani tanlashini kutmoqda.