So‘nggi bir yil ichida o‘zbek ayollari orasida qosh ukladkasi va kiprik laminatsiyasi degan ibora tez-tez quloqqa chalina boshladi. Aksariyat ayollar allaqachon mazkur xizmatdan foydalanishga ham ulgurdi. Biroq kiprik va qoshlar uchun zarari yo‘qmikin, deb ikkilanib turgan opa-singillarimiz ham talaygina.

Xo‘sh, protseduraning qanday foydali va zararlari tomonlari bor? O‘zbekistonda qosh ukladkasi va kiprik laminatsiyasidan foydalanish narxlari qancha? Bu haqida “Daryo”ga qosh va kiprik laminatsiyasi bo‘yicha mutaxassis Xadicha Maxamadjanova batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Qosh ukladkasi va kiprik laminatsiyasi nima?

Laminatsiya bizga pastga qaragan qoshlarni ko‘tarib, unga o‘zimiz istagan shaklni berish imkoniyatini taqdim etadi. Protsedura orqali qoshlarimizni vizual kattalashtirish, qalinlashtirish mumkin.

Mazkur protsedura faqat go‘zallik uchun qilinadi. Qoshlarimiz uchun hech qanday parvarish xususiyatiga ega emas.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Kiprik laminatsiyasiga kelsak, bilasizmi, aksariyat opa-singillarimizning kipriklari qattiq, tikka yoki pastga qaragan bo‘ladi. Ba’zan tush surtsa ham, qayrilmaydi. Ana shunday “quloqsiz” kipriklarni laminatsiya qilish orqali chiroyli holatga keltirishimiz mumkin. Mazkur protseduradan so‘ng kipriklar xuddi “ekilganday” qayrilib, vizual uzun ko‘rinadi.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Protsedura uchun qancha vaqt ketadi?

Qosh laminatsiyasining o‘ziga 40 daqiqa, bo‘yash bilan bir soat vaqt kerak bo‘ladi. Kiprikka esa taxminan 50 daqiqa vaqt ketadi. Kiprikni qora rangga bo‘yash va qo‘shimcha parvarish (boteks) qo‘shish mumkin. Jarayon uchun esa bir soatdan ko‘proq vaqt kerak.

Laminatsiya odatda qoshlarning o‘sishiga qarab o‘rtacha 1,5 - 2 oy, kipriklarda esa ikki oy mobaynida turadi.

Laminatsiya qosh va kipriklar uchun zararlimi?

Yuqorida aytganimdek, qosh laminatsiyasi faqat go‘zallik uchun qilinadigan kimyoviy protsedura hisoblanadi. Bu jarayon qoshni quritadi va mijozlar har kuni qoshini parvarish qilishlari, ya’ni turli o‘simlik moylaridan (o‘sma, kanakunjut) surtib yurishlari kerak. Aks holda qosh juda xunuk ahvolga kelib qolishi mumkin.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Bundan tashqari, protseduraning o‘ziga yarasha texnikasi va qoidalari bor.

Masalan, qosh laminatsiyasi uch bosqichdan iborat. Birinchi, kimyoviy suyuqlik surilgandan so‘ng, qoshning holatiga qarab 6-10 daqiqa davomida ushlab turiladi. Agar u olti daqiqalik qoshda 15 daqiqadan ko‘proq qolib ketsa, tabiiyki, tolalar kuyib, to‘kiladi.

Yana bir muhim qoida: ilk marta bu protseduradan foydalangan ayol keyingisini kamida 2-3 oydan so‘ng qildirishi kerak.

Aksariyat ayollarimiz esa bunga amal qilmay, har oy, hatto har ikki uch haftada qoshlarini laminatsiya qildirishadi.

Faoliyatim davomida ham ko‘p bo‘ladi. Ayrim mijozlarim bir oydan o‘tmay, yana qilib qo‘ying, deb kelishadi. Ammo ularga 2-3 oy o‘tmasdan qilmasligimni, buning oqibatlarini tushuntiraman. 99 foiz qizlar o‘zi tushunib, qaytib ketishadi.

Bundan tashqari, laminatsiyasidan so‘ng qosh va kiprikka to‘liq bir sutka davomida suv tekkizilmasligi shart va iloji boricha 2-3 kun sport zal, basseyn va saunalarga bormaslik tavsiya etiladi. Sababi moddalar qoshda yaxshiroq singib olishi kerak. Agar amal qilinmasa, protsedura uzoq vaqtga yetmay qolishi mumkin.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Ammo laminatsiyaning qoshga nisbatan kiprikka zarari kamroq. Doim parvarish qilib yurish ham shart emas. Sababi kipriklar qosh tolalariga qaraganda qalin, mustahkam va chidamliroq.

Laminatsiya paytida qoshning barcha tolalariga suriladi. Kiprikda esa qaysidir qismi qoplab olinadi xolos.

Protsedura bilan birgalikda kiprikka maxsus parvarish ham qo‘shish mumkin. Shu bois bir yarim oydan keyin yana qayta laminatsiya qilish mumkin.

To‘g‘ri, kipriklar sinib qolish holatlari ham kuzatiladi. Chunki yuqorida aytganimdek, har bir jarayonning o‘z texnikasi bor. Kiprik laminatsiya qilinayotganda uning holatidan kelib chiqib, valik (jarayon vaqtida qo‘llaniladigan yostiqcha) tanlanadi. Agar kiprikka qaraganda kichkina valik tanlab olinsa, kiprik sinib qolishi mumkin.

Agar mazkur protseduralar o‘z texnikasiga, qonun-qoidalariga ko‘ra amalga oshirilsa va har kuni parvarish qilib yurilsa, laminatsiya hech qachon kiprik va qoshlarimizga zarar yetkazmaydi.

Qoshni bo‘yash va ortiqcha qosh tolalarini ochartirish haqida

Laminatsiyaga qo‘shimcha qosh va kipriklarni bo‘yash va ortiqcha tuklarni ochartirish protseduralarini ham qo‘shish mumkin. Batafsil ma’lumot beradigan bo‘lsam, qoshni xina va maxsus bo‘yoqda bo‘yash mumkin.

Biz odatda maxsus bo‘yoqdan foydalanamiz. Chunki qosh laminatsiyadan so‘ng uni xinada bo‘yash mumkinmas. Protsedura va xina tarkibidagi komponentlar bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi. Agar laminatsiya qilgan bo‘lsak, bir oydan keyingina xinada bo‘yash mumkin yoki aksincha.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Maxsus bo‘yoqning esa hech qanday zarari yo‘q. Shuning uchun asosan bo‘yoqdan foydalanamiz. Bo‘yashning ham o‘ziga yarasha usuli bor.

Agar to‘g‘ri qo‘llansa, terini ham bo‘yash mumkin. Bo‘yoq terida o‘rtacha 7-10 kun, qosh tolasida esa uch haftagacha saqlanib turishi mumkin. Biroq aniq shuncha kun turadi, deb kafolat bermaymiz. Chunki kimdir suvdan ko‘p foydalandi, kimdir kam. Qancha ko‘p suv tekkizsa, shuncha tez ketadi.

Yana bir qoida: qayta bo‘yatmoqchi bo‘lgan ayol bu ishni faqatgina uch haftadan keyingina amalga oshirishi kerak. Boisi bo‘yoq tarkibida “urzol” nomli modda bor. U qoshda uch haftagacha turadi. Agar muddatidan oldin bo‘yalsa, allergiya berishi mumkin. Shuning uchun orada kamida uch hafta tanaffus bo‘lishi shart.

Foto: Xadicha Maxamadjanova arxividan

Ochartirish protsedurasiga kelsak, bu qoshini termaydigan ayollarimiz uchun ayni muddao hisoblanadi. Bunda ortiqcha qosh tolalariga maxsus vosita surtiladi va ular teri rangi bilan bir xil tusga kirib qoladi. Shuning hisobiga uzoqdan xuddi terilganday turadi. Ammo yaqindan qaraganda bilinadi.

O‘zbekistonda protseduradan foydalanish narxlari qancha?

Ayni kunlarda barcha go‘zallik salonlarida qosh ukladkasining narxi 150 ming so‘mdan 200 ming so‘mgacha. Qosh bo‘yash 200-250 ming so‘m. Agar ukladkaga ochartirish protsedurasi ham qo‘shilsa, 220-230 ming so‘m atrofida bo‘ladi. Kipriklarga esa laminatsiya, bo‘yash va qo‘shimcha parvarishni 180-200 ming so‘mga amalga oshirish mumkin.

Maqola “mood room” studiyasi bilan hamkorlikda tayyorlandi.