Turkiyada koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan moliyaviy muammolar sababli ko‘plab mehmonxona egalari o‘z biznesini sotib yubormoqda. Bu haqda “Tengritravel.kz” xabar berdi.

Foto: “Trend.az”

Turkiyaning eng katta tijoriy saytlaridan biri “Sahibinden.co” ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi oy ichida Antaliyaning o‘zida 234 ta mehmonxona sotuvga qo‘yildi: Muratpashada 56 ta, Alanyada 42 ta, Kemerda 39 ta, Manavgatda 33 ta. Shuningdek, Kashdagi 21 ta, Konyaaltada 16 ta, Serikda 13 ta, Kumlijada sakkizta, Kepezda 3 ta, Finik, Gazipasha va Demreda 1 tadan sayyohlik obyektlari sotuvga qo‘yildi.

Sotuvga qo‘yilgan obyektlarning eng qimmati 585 million turk lirasiga (taxminan 883 milliard 336 million 739 ming so‘m) baholangan. Konakli hududida joylashgan besh yulduzli bu mehmonxona 330 ta xonadan iborat bo‘lib, bir vaqtning o‘zida mingga yaqin mijozga xizmat ko‘rsata oladi.

Eng arzon obyekt 5 million 200 ming turk lirasiga (taxminan 7 milliard 851 million 882 ming so‘m) baholangan.

Alanya sayyohlik operatorlari assotsiatsiyasi (ALTİD) va Alanya turizm va targ‘ibot fondi (ALTAV) vitse prezidenti Mehmet Dahaogluning so‘zlariga ko‘ra, mehmonxonalar avval ham sotilgan, lekin bunday miqdorda emas.

“O‘rta Yer dengizi mintaqasida mehmonxonalarning bu darajada ko‘p sotilishiga asosiy sabablardan biri — bu pandemiya natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz. Kim ham pul keltirib turgan, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratib, mamlakatga foyda keltirayotgan tayyor biznesni sotib yuborishni xohlaydi?”, — dedi Dahaoglu.

Ma’lumot uchun, 2020-yilda Turkiya mehmonxonalari pandemiya sababli sayyohlar oqimining 80 foizga tushib ketgani uchun moliyaviy qiyinchiliklarga duch keldi. Turkiya Mehmonxonalar federatsiyasi (TUROFED) hisob-kitobiga ko‘ra, 2021-yilda mamlakatga 25 milliondan 30 milliongacha turist tashrif buyurishi mumkin. 2019-yilda Turkiyaga 50 million sayyoh tashrif buyurgan.

Avvalroq Turkiyada aprel oyidan turizm qayta ish boshlashi haqida xabar berilgan edi.