Koronavirus pandemiyasi O‘zbekiston iqtisodiyotiga sezilarli, ammo qisqa muddatli salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Spot’ning xabar berishicha, bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) missiyasining yakunida aytildi.

Foto: The Guardian

“Pandemiya 2020-yilning birinchi yarmida iqtisodiyotga kuchli ta’sir ko‘rsatib, og‘ir sinov bo‘lganiga qaramay, uning tarqalishini cheklash bo‘yicha qat’iy va o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlashlar tufayli yengil kechdi”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, qayd etilishicha, buning natijasida O‘zbekiston 2020-yilda umumiy ijobiy o‘sish sur’atlari 1,6 foiz daraja atrofida bo‘lgan kam sonli mamlakatlar qatoridan o‘rin oldi. Ammo bu pandemiyadan oldingi prognozga nisbatan ancha past ko‘rsatkich.

2021-yilda mamlakatda iqtisodiy o‘sish davom etishi kutilmoqda, ammo noaniqlik darajasi yuqori bo‘lib qolmoqda. Tiklanish, xususan, vaksinatsiya ko‘lamiga bog‘liq bo‘ladi.

Barcha mamlakatlarda vaksinatsiyaning avj olishi, savdo sheriklari bo‘lgan mamlakatlarda o‘sishning tiklanishi kutilayotganini hisobga olgan holda hamda 2020-yil ikkinchi yarmida mamlakat iqtisodiyotining tiklanishi natijasida 2021-yilda iqtisodiyotning o‘sishi prognozi, taxminan, 5 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda.

Biroq kasallikning yangi to‘lqini, vaksinatsiyalash suratining kutilayotganidan ham sekinroq o‘tishi va xomashyo narxlari, avvalo, oltin narxining o‘zgaruvchanligi tufayli iqtisodiy o‘sish sekinroq kechishi mumkin.

Tiklanish, shuningdek, odamlarning hayotini saqlab qolishga, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan iqtisodiy siyosatning davomiyligiga bog‘liq bo‘ladi. Ayni paytda ko‘rilgan choralarni yumshatmaslik lozimligi ta’kidlangan.

Markaziy bankning pul-kredit siyosati oqilona deb baholanmoqda. Kredit stavkalari to‘liq bozorga asoslangan bo‘lishi kerak, shu bilan birga, imtiyozli kreditlar subsidiyalar bilan almashtirilishi lozim.

“Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish tizimini yaxshilash va eng muhimi, uning oldindan tahlil qilish qobiliyatini va barqarorligini oshirish zarur, chunki muntazam va bir martalik o‘zgarishlar investorlarni to‘xtatib turadi”, — deyiladi xabarda.

Hukumat (asosan) davlat qo‘lida qoladigan kompaniyalar uchun strategik investorlarni jalb qilish uchun taniqli maslahatchilarni yollashni davom etirishi va ochiq ham oshkora tartibda sotish uchun boshqa yirik davlat korxonalarini tayyorlashi kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning aprelida Xalqaro valyuta jamg‘armasi iqtisodiy prognozini e’lon qilgan va unda jahon iqtisodiyotida YaIMning yil oxiriga borib 3 foizga tushishi mumkinligini bildirgandi. Bu 2009-yildan beri kuzatilgan birinchi retsessiya bo‘ladi, 11 yil avval global iqtisodiyot 0,08 foizga qisqargandi.