Amerikaning Perseverance tadqiqot apparati Marsga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi, deb yozadi “RBK”. AQSh Aeronavtika va koinotni tadqiq qilish milliy boshqarmasi (NASA) jarayonni to‘g‘ridan to‘g‘ri translyatsiya qildi.

Foto: NASA

Qo‘nish taxminan yetti daqiqa davom etgan. Bu vaqt mobaynida barcha operatsiyalar avtomatik rejimda amalga oshirildi. NASA’dagilar ma’lum qilishicha, apparatning harakatlanish tezligini pasaytirish uchun uning parashyuti ochilgan, keyinroq esa marsoxodning uni yuqori haroratlardan himoya qilishga mo‘ljallangan qoplamasi ajralib chiqqan. Qo‘nishning yakuniy bosqichida qo‘nish modulining tormoz dvigatellari ishlab ketgan, shundan so‘ng apparat zanjirlar orqali sayyoraning yuzasiga tushirilgan.

Apparatni Yezero krateriga qo‘ndirish rejalashtirilgan edi, u yerda avvalroq sun’iy yo‘ldoshdan olingan ma’lumotlar yordamida katta ko‘lga borib quyilgan daryo o‘zanining izi topilgan edi. Olimlar fikricha, kraterda hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin, ularni marsoxod qidiradi.

Qo‘nishdan keyin rover Marsda olingan ilk kadrlarni yubordi, ular Perseverance’ning Twitter’dagi sahifasida e’lon qilindi. Shuningdek, NASA 22-fevral kuni marsoxod kamerasi bilan olingan videoni, yana bir necha haftadan keyin esa butun qo‘nish jarayonining videosini e’lon qilishga va’da berdi.

Shundan keyin AQSh prezidenti Jo Bayden NASA’ni Perseverance tadqiqot apparatining Marsga muvaffaqiyatli qo‘ngani bilan tabrikladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, u qo‘nishdan keyin bir soat o‘tib, agentlik vazifasini bajaruvchi Stiv Jurchikka qo‘ng‘iroq qilib, jamoani qutlagan va NASA bilan faxrlanishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 31-iyun sanasida NASA bortiga Perseverance nomli yangi apparat o‘rnatilgan Atlas V raketa-tashuvchisini Kanaveral sahrosidan uchirgan edi.