Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov mamlakatda koronavirusga qarshi emlash tadbirlari qachon boshlanishi va kimlar birinchi galda emlanishini ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Uning so‘zlariga ko‘ra, emlash jarayonlari O‘zbekistonga vaksinaning yetib kelishiga bog‘liq. Hozircha bu muddat fevral oyining oxiri va mart oyining boshlari deb belgilanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligining 15-fevraldagi 31-sonli buyrug‘iga asosan aholi kasallikni yuqtirib olish xavfiga qarab toifalarga bo‘lingan. Unga muvofiq, yuqish xavfi juda yuqori bo‘lganlar:

  • 65 yoshdan katta bo‘lganlar (65—74, 75—84, 85 yosh va undan yuqorilar);
  • tibbiyot xodimlari;
  • surunkali kasalliklar bilan dispanser nazoratida turadiganlar;
  • Qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari;
  • jurnalistlar, blogerlar, OAV xodimlari;
  • transport xodimlari (metro, temiryo‘l, aeroport);
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda xizmat qilayotgan xodimlar;
  • chet davlatlarda tahsil oluvchi talabalar;
  • mehnat migrantlari.

Avvalroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati mutaxassisi Vazira Mutalova birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi vaksina aholining xavf ostidagi qatlamiga berilishi, ularning soni esa hozirda 4 112 668 nafarni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Shundan:

  • 65—74 yoshgacha bo‘lgan qariyalar 1 085 797 nafar;
  • 75 yoshdan 84 yoshgacha bo‘lgan keksalar 388 686 nafar;
  • 85 yosh va undan yuqori yoshdagi keksalar 139 280 nafar;
  • tibbiyot xodimlari 447 976 nafar;
  • surunkali kasalliklari bor aholi (18−65 yosh) 888 190 nafar;
  • maktab o‘qituvchilari 689 383 nafar;
  • maktabgacha ta’lim muassasasi xodimlari 223 426 nafar;
  • qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari 180 ming nafar.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oxirlarida Nurmat Otabekov O‘zbekistonda dastlabki bosqichda 50 mingga yaqin kishi COVID-19’ga qarshi emlanishini ma’lum qilgandi. Moliya vaziri Timur Ishmetov esa 2021-yilda O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratishini bildirgan.