Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning 18–19-fevral kunlari Namangan viloyatida bo‘lib qaytdi. Ikki kunlik tashrif mobaynidagi kutilgan va kutilmagan holatlarga nafaqat amaldorlar, balki jurnalist va namanganliklar ham guvoh bo‘ldi. Tashrifni bevosita joyidan yoritib borgan “Daryo” muxbirlari quyida o‘z taassurotlari va reportajni havola etadi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Temir daftar”dagi yoshlar va investor bilan suhbat

Davlat rahbari Namanganga qilgan bu galgi tashrifini Yangiqo‘rg‘on tumanidan boshladi. Hududda BAA investori Abdulbariy Ayman tomonidan barpo etilgan 103 gektar maydondagi intensiv bog‘ Prezidentning ilk manzili bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev u yerga vertolyotda yetib borib, dastlab “temir daftar”ga kiritilgan ishsiz yigit-qizlar, yosh oila vakillari bilan suhbatlashdi. Ularga bog‘ qator oralaridan dehqonchilik qilish uchun yer bo‘lib berilganini alohida qayd etish joiz.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Sizlarning ishli bo‘lganlaringni, kayfiyatlaringni ko‘rib xursandman. Yoshlar yo‘lini tasavvur qilolsa, kuch paydo bo‘ladi. Qiyinchiliklardan, sinovlardan xafa bo‘lmaslik kerak. Hayot maktabini o‘tagan inson dunyoga boshqacha qaraydi. Yoshlarning yaxshisiyam, yomoniyam bizning farzandlarimiz. Sizlarga o‘xshagan intiluvchan, ertangi kuniga befarq bo‘lmagan, kasb-hunarli yoshlar boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishi kerak”, dedi davlat rahbari.

Samimiy tarzda kechgan muloqot davomida yoshlar fikr va takliflarini Prezidentga ochiq-oydin aytishdi. Shundan so‘ng davlat rahbari o‘nlab mamlakatlarga investitsiya kiritgan abu-dabilik tadbirkor Abdulbariy Ayman bilan suhbat qurib, uning kelgusidagi rejalarini eshitdi va minnatdorlik bildirdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Kartoshkachilik va limonchilik yanada rivojlantiriladi

Yoshlar va xorijlik ishbilarmon bilan muloqotdan so‘ng o‘sha yerning o‘zida Prezidentga Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar tanishtirildi.

Taqdimot davomida davlat rahbari kartoshkachilikni rivojlantirishga alohida to‘xtalarkan, “O‘zbekiston sharoitida yerdan samarali foydalanishimiz kerak. Qaysi hududga qanday navdagi kartoshka ekish bo‘yicha tajribamiz yetarli emas. Ilmiy yondashuv yo‘qligi bois kartoshkani ham ko‘ngildagidek yetishtira olmayapmiz. Bu sohadagi ilmiy salohiyatimizni yuksaltirishimiz zarurligini hayot va zamonning o‘zi taqozo qilyapti. Shu bois Vengriya davlati bilan bu boradagi hamkorlikni kengaytirish, alohida ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishimiz zarur”, dedi. So‘ngra mutasaddilarga kartoshkachilik bo‘yicha jiddiy shug‘ullanish, hosildorlikni ko‘tarish bo‘yicha topshiriq berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shuningdek, limonchilikni rivojlantirish borasida ham mas’ullarga vazifalar yuklatildi. “Birgina limonchilikni olaylik. Qani, menga aytinglar-chi, hozir shuncha limon yetishtirilyapti, lekin biror katta omborda shu meva qolib ketgan joyi bormi? Yo‘q. Sababi bozorda talab bor. Pandemiya davrida o‘zimizda narxi qancha ko‘tarilib ketdi, bundan tashqari, O‘zbekiston limoniga xorijda ham talab katta. Tayyor mahsulot eksporti bilan shug‘ullanayotgan mutasaddilarning maoshini bonus shaklida qilish kerak. Ya’ni qancha ko‘p natija ko‘rsatsa, shuncha ko‘p maosh olsin. Kerak bo‘lsa, 10 ming dollar olsin, mening hech qarshiligim yo‘q, aksincha faqat xursand bo‘laman”, — dedi Prezident.

“Mana, azon ovozi eshitilyapti, qanchalik quloqqa yoqadi”

Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida birinchi raqamli vertolyotda Chust tumaniga yo‘l oldi. “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi hududida tashkil etilgan Chust textile xususiy korxonasi, Namangan shahridagi “Dashtbog‘” kichik sanoat zonasidagi “Dream liner tekstil”, “Navro‘z tekstil sanoat”, “Aziz Dizayn Servis”, “Biaz text”, “Kelajak mega stroy” kabi o‘nlab korxonalar faoliyati bilan tanishdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Prezident ishlab chiqarish subyektlari bilan tanishgach, “Dashtbog‘” mahallasidagi bir nechta xonadonlarda mehmon bo‘ldi. Davlat rahbari uylarning biriga tashrif buyurishi bilan yaqin o‘rtadagi masjiddan azon ovozi eshitildi. Shu payt Prezident “Mana, azon ovozi eshitilyapti, qanchalik quloqqa yoqadi. Avval bunday ovozlar eshitilarmidi? Ruxsat yo‘q deyishardi, ko‘p narsa mumkin emasdi. Mana imkoni bor ekan-ku, nimaga mumkin emaskan?”, dedi. Xonadon egalari davlat rahbarini “Hamma prezidentlar ortingizdan yursin” deb duo qilib qolishdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Yutuqlarimizni ham yozinglar, kamchiliklarimizni ham ko‘rsatinglar”

Kechki soat 20:00. Namangan shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga kiraverishda ommaviy axborot vositalariga ko‘zi tushgan Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar tomon yurib keldi. Samimiy salom-alikdan keyin davlat rahbari qarshisida turgan nomdor tahririyatlar — “Kun.uz”, “Daryo.uz”, “Xabar.uz”, “Gazeta.uz”, “Sevimli”, “Uzreport” jurnalistlari bilan muloqotga kirishdi. O‘z navbatida OAV vakillari Namangan tashrifidan Prezidentning rejalari qanday ekanligi, nima uchun ushbu viloyatni boshqa hududlarga o‘rnak qilib ko‘rsatilishi, islohotlarning to‘la-to‘kis amalga oshishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bilish maqsadida davlat rahbarini savolga tutishdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Shavkat Mirziyoyev barcha savollarga batafsil javob qaytararkan, “Yutuqlarimizni ham yozinglar, kamchiliklarimizni ham ko‘rsatinglar”, degan gapni alohida qayd etdi. Chamasi yarim soat davom etgan muloqot jurnalistlarda iliq taassurot qoldirgani, shubhasiz. Chunki Prezidentning bu safargi tashrifiga odatdagidek O‘zbekiston milliy axborot agentligi (“Uza.uz”) va “O‘zbekiston-24” telekanali vakillaridan tashqari, xususiy OAV jurnalistlari ham jalb qilindi va jonli muloqot ishtirokchisiga aylanishdi. Jurnalistlar bunday savol-javob tarzidagi uchrashuv an’ana tusiga kirishiga umid bildirishdi.

Muloqot yakuniga yetganidan keyin, davlat rahbari zamonaviy qiyofadagi Art soft holding shirkatining ilmiy-amaliy malaka oshirish markazi va “Ishga marhamat” monomarkazidagi sharoitlar, imkoniyatlar bilan tanishdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Inglizcha gaplashadigan hokim

Tashrifning ikkinchi kuni yanada qiziqarli va kutilmagan vaziyatlarga boy kechdi. Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari 26-sessiyasida davlat rahbari olti soat tik turib, nutq so‘zladi.

Tadbir avvalida

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sessiya borishi 

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda yoshlarning takliflari eshitildi, faoliyati qoniqarli amaldorlar maqtaldi, bugungi zamon talabiga munosib ishlamayotgan rahbarlar tanqid ostiga olinib, ayrimlari lavozimidan ozod etildi. Masalan, Prezident “Dashtbog‘” mahallasining 22 yoshli Muzaffar ismli raisining faoliyatini boshqa raislarga ibrat qilib ko‘rsatdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Sessiyada so‘zga chiqqan Chust tumani prokurori Xurshid Adilov faoliyatiga ham ijobiy baho berildi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi yoshlar yetakchisi, 31 yoshli Doston Abduqahhorovni Namangan shahar hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlash bo‘yicha taklif kiritildi, Uychi tumani “to‘rtligi” ishdan olindi, Namangan shahar “to‘rtligi” esa ogohlantirildi.

Chust tumani prokurori Xurshid Adilov.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ichki ishlar boshqarmasi yoshlar yetakchisi Doston Abduqahhorov

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Uychi tumani “to‘rtligi”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yig‘ilishda sentabr oyidan beri Namangan viloyati hokimi vazifasini bajarib kelayotgan Shavkat Abdurazzoqov ushbu lavozimga rasman tasdiqlandi. Uning faoliyati haqida bir guruh viloyat faollari o‘z fikrlarini bildirarkan, mehnat faxriysi va deputat Dilshoda Dadajonova “Kuzda pokistonlik delegatlar viloyatimizga tashrif buyurishdi. Shavkatjonning ular bilan ingliz tilida erkin gaplashishini ko‘rib, ochig‘i juda ham quvondim. Har bir hokim ingliz tilini bilishi shart, deb o‘ylayman. Xorijiy tillarni bilish zamon talabi, hokimlar ham zamonaviy bo‘lishi kerak”, deya o‘z so‘zlarini bayon etdi.

Namangan shahar “to‘rtligi”

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Yo‘nalishini o‘zgartirgan Prezident korteji

Olti soatlik majlisdan so‘ng Prezident korteji tashrif dasturida ko‘ra, Davlatobod tumanidagi yangi kutubxonaga otlandi. O‘ydim-chuqur ko‘chalar bo‘ylab borarkanmiz, yo‘llarda odamlarning qo‘lidagi mobil qurilmalarga Prezident kortejini tasvirga tushirayotganini ko‘rdik, ularning yuzidagi xursandchilikni sezdik. Namangan shahri markazidan 18 kilometr yurgach, mashinalar birma-bir to‘xtadi. Pastga tushib qarasak, davlat rahbari yo‘l yoqasidagi abgor holatdagi bino tomon yurayotganini ko‘rdik. Yo‘nalish butunlay boshqa tomonga o‘zgarib ketganidan ajablangan biz, jurnalistlar, ham darrov devorlari oqlanmagan bino tomon yugurdik.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Davlat rahbari fuqarolar yig‘ini binosi va mahalla infratuzilmasining ahvoli bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi. Bunyodkorlik va tozalikdan asar ham yo‘q binodagi achinarli holatni ko‘rgan Prezident hudud hokimi va prokurori faoliyatini keskin tanqid qilib, ularga tanbeh berdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev sal nariroqda to‘planib turgan aholi orasiga kirib bordi, odamlarning gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi, yo‘l muammosiga oid shikoyatlariga quloq tutdi.

Kun kechkirishiga qaramay, davlat rahbari 26-sonli Mehribonlik uyi va “Sahovat uyi”ga ham tashrif buyurib, bolajonlar, nuroniylar bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman