O‘zbekistonga Chevrolet Onix avtomobilining sinov uchun namunalari yetib keldi. Bu haqda UzAuto Motors kompaniyasi matbuot xizmatiga tayanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda. Modellar Braziliyadan olib kelingan (u yerda ushbu avtomobillar Onix Plus nomi bilan ishlab chiqariladi).

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)”

“O‘zbekiston yo‘llari bo‘ylab tashish vaqtida ko‘zga tashlangan Chevrolet Onix avtomobillari sinovchi namunalar bo‘lib, batafsil o‘rganish maqsadida bir necha miqdorda sotib olindi. Ushbu namunalar mahalliy iqlim sharoitlarda sinash va salohiyatli xaridorlarning fikrini o‘rganish maqsadida xarid qilingan”, — dedi kompaniya vakillari.

UzAuto Motors 2019-yil dekabrida 2020-yildan Global Emerging Markets (GEM) yagona byudjet platformasida Chevrolet Onix sedani va boshqa bir qator yangi modellarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan edi (qayd etish joiz, Chevrolet Tracker’ning yangi avlodi ham GEM platformasida yig‘iladi).

Foto: Facebook / “Voditeli Tashkenta (Drivers.uz)”

Yangi avlod Chevrolet Onix sedanining xalqaro taqdimoti 2019-yil bahorida Xitoyda bo‘lib o‘tgan, keyinroq General Motors kompaniyasi modelning eski avlodi ancha talabgir bo‘lgan Janubiy Amerika bozori uchun mo‘ljallangan variantini namoyish etgan edi. Braziliya uchun mo‘ljallangan Chevrolet Onix 2020 modeli o‘z nomida maxsus Plus qo‘shimchasini olgan. Aynan shu mintaqa uchun modelning xetchbek ko‘rinishi ham ishlab chiqilgan.

2020-yil noyabr oyida Shveysariyaning Credit Suisse banki UzAuto Motors’ga 150 million yevrogacha bo‘lgan miqdorda kredit ajratishi ma’lum bo‘lgan edi; kompaniya ushbu kredit mablag‘larini investitsiya loyihalarini amalga oshirishga, xususan, General Motors’ning GEM bazasidagi yangi modellarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga yo‘naltirishi ko‘zda tutilgan.

Braziliyada Chevrolet Onix Plus’ning narxi 13,6 ming dollardan boshlanadi.

Foto: Chevrolet / “Gazeta.uz”

Foto: Chevrolet / “Gazeta.uz”

O‘zbekistonda Chevrolet Onix va yangi avlod Chevrolet Tracker avtomobillari ishlab chiqarilishi mumkinligi haqida ilk bor 2019-yil iyunida ma’lum bo‘lgan edi. Dastlabki reja bo‘yicha, Onix’ni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasi bosqichma-bosqich 60 foizga yetkazilishi, uning xorijdan olib kelinadigan ehtiyot qismlari umumiy qiymati (2019-yil iyul oyi holatiga ko‘ra) 2300 dollarni, mahalliy ehtiyot qismlarining umumiy narxi esa 4200 dollarga baholanayotgan edi.