23—26-fevral kunlari O‘zbekiston hududiga Volgabo‘yi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo massalari kirib keladi. Bu haqda “O‘zgidromet” xabar berdi.

Foto: “Daryo”

23-fevralda respublika bo‘ylab yomg‘ir yog‘adi, 24-fevral kuni esa yog‘ingarchilik bo‘ladi — tog‘ oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda kuchli yomg‘ir hamda qor yog‘adi.

Havo harorati 24-fevralda kechasi va kunduzi Selsiy bo‘yicha 2—7 daraja iliq, 25—26-fevral kunlari harorat kechalari minus 7—12 darajada sovuq bo‘ladi, kunduz kunlari esa minus 2—7 darajaga tushib ketadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida 23-fevral kuni yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, 24-fevral kuni esa yog‘ingarchilik kutilmaydi. 24—25-fevral kunlari Qoraqalpog‘istonda harorat kechasi minus 17—22 darajagacha soviydi, kunduzi esa, minus 10—15 darajada sovuqni tashkil etadi. Xorazm viloyatida kechalari havo harorati minus 12—17 darajaga, kunduzi esa minus 5—10 darajada sovib ketadi.

23—25-fevralda ba’zi joylarda shamol 17—22 metr/sekundgacha kuchayishi kutilmoqda, ayrim hollarda esa 25—28 metr/sekundgacha kuchayishi mumkin.