Yerga 22-fevral kuni futbol maydoni hajmidagi 2020 XU6 asteroidi yaqin keladi. Bu haqda NASA JPL tadqiqot markazi ma’lumotiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Depositphotos

Olimlarning fikriga ko‘ra, kosmik obyekt hajmi 213 metrni tashkil etadi. U sayyoraga 4 million kilometrdan ko‘proq masofada yaqinlashadi.

Unga qo‘shimcha ravishda, 22-fevral kuni hajmi 23 metr keladigan 2020 BV9 asteroidi Yerga 5,6 million kilometr masofada va 40 metr kattalikdagi 2021 CC5 asteroidi esa 6,9 million kilometr masofada yaqin keladi.

2020-yilning dekabr oyi oxirida NASA Yerga uchta asteroid yaqinlashayotgani haqida xabar bergandi. Ularning eng kichigi, hajmi 3,1—7 metrdan oshmagan 2020 YM1 asteroidi sayyoraga eng yaqin kelishi kerak edi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, uning markazidan Yerning markazigacha bo‘lgan masofa 629 ming kilometrdan ortiq bo‘lishi kerak. 210 metr bo‘lgan eng katta asteroid bilan Yer markazidagi masofa 3 million kilometrdan oshiqroq deb hisoblangan.

O‘shanda sovet va rus astronomi, Rossiya Fanlar akademiyasining akademigi Mixail Marov “RBK” bilan suhbatda ilgari taxminan 200 metr hajmdagi osmon jismlari uch-to‘rt baravar kamroq masofada Yer atrofidan beshikast uchib o‘tganini ta’kidlagan. Fizika-matematika fanlari doktori, Moskva davlat universiteti Yadro fizikasi institutining yetakchi ilmiy xodimi Aleksandr Panov ham o‘sha asteroidlarda sayyora uchun xavfli biror nima ko‘rmaganini aytgan.

Shuningdek, 2020-yilning noyabr oyi oxirida Yer sayyorasi yonidan diametri 370—820 metr atrofida bo‘lgan potensial xavfli asteroid uchib o‘tishi haqida xabar berilgandi. Space Reference mazkur osmon jismi va Yer o‘rtasidagi masofa 4 million kilometrdan ortiqroqni tashkil etishi haqida ma’lum qilgan. Taqqoslash uchun Oy va Yer orasidagi masofa bundan o‘n barobarga kam.

Avvalroq Apofis asteroidi tezligini oshirib, Yerga yaqinlashayotgani, ulkan osmon jismi 48 yildan so‘ng sayyorga kelib urilishi mumkinligi to‘g‘risida xabar berilgandi.