Amerikaning Texas shtati aholisi qorli bo‘ron vaqtida Ford F-150 gibrid pikapi qanday qilib asqatayotgani to‘g‘risidagi voqealar bilan bo‘lishdi. Mahalliy aholi ushbu pikapdan uylarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda foydalanmoqda, deb xabar beradi Motor.

Foto: F150gen14

Texas shtatiga yopirilgan qor bo‘roni bir necha kundan buyon elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Elektrsiz qolgan aholi uylarining ichiga chodir tiklab, issiqlikni saqlab qolishga urinmoqda. Bundan tashqari, mahalliy supermarketlarda o‘tin va ko‘mir zaxirasi tugay deb qolgan. Ford F-150 gibrid pikaplarining egalari ushbu holatga vaqtincha yechim topgan — ular yuk mashinasidan elektr manbai sifatida foydalanmoqda.

Amerikaliklar pikapning bort generatorini uylarining energiya tarmog‘iga ulab qo‘ygan. Ayrimlar esa mashina ishlab chiqarayotgan energiyani kabellar yordamida uydagi maishiy texnikalarni ishlatishga yo‘naltirgan. Shu orqali aholi muzlatkichlar, isitgichlar, oshxonadagi mayda texnikalar va hatto televizorlarni ishlatmoqda. F-150 pikapi bor fuqarolardan birining so‘zlariga ko‘ra, u 12 soatli uzluksiz ishlash davomida 15 litrga yaqin yoqilg‘i sarflagan. Boshqa bir mahalliy aholi gibrid yuk mashinasining tejamkorligini alohida ta’kidlagan. Uning qayd etishicha, 72 soat davomida u bakdagi yoqilg‘ining chorak qismini sarflagan.

Foto: F150gen14

Shu bilan birga, ko‘plab yoqilg‘i quyish shoxobchalari qor sabab ishini to‘xtatgan. Mahalliy aholi yoqilg‘i tugagach, qanday qilib vaziyatdan omon chiqishi hozircha noma’lum. Sinoptiklarning prognoziga ko‘ra, Texasda qor bo‘roni yana bir necha kun davom etadi.

Avvalroq Jo Bayden Texasni tabiiy ofat hududi deb e’lon qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.