Farg‘ona viloyati hokimining sobiq matbuot kotibi Muhammadjon Obidov o‘zi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan salbiy fikrlarga munosabat bildirib, telefoni orqali ovozini yozib olgan va uni internetda tarqatganlarni pastkashlikka qo‘l urganlar, deb atadi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, 22-fevral kuni Farg‘ona shahrida respublikaning barcha hududlaridan kelgan jurnalistlar uchun mediaforum o‘z ishini boshlagan.

Mediaforum davomida jurnalistlar “Farg‘ona haqiqati” gazetasi faoliyati bilan tanishish maqsadida Matbuot uyida bo‘lgan. Shuningdek, tahririyat imkoniyatlari o‘rganilgan.

Matbuot uyida bo‘lib o‘tgan suhbat davomida Farg‘ona haqiqati gazetasi bosh muharriri, viloyat hokimining sobiq matbuot kotibi Muhammadjon Obidov “Daryo” muxbirining “Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zingiz haqida tarqalgan salbiy fikrlarga javoban nima deya olasiz?”, degan savoliga batafsil javob bergan.

Foto: “Daryo”

“Bu hayot shundayki, quvgan ham qochgan ham Xudo deydi. Hayotda ozgina ishi yurishgan, qo‘lidan ish kelgan odamning dushmani juda ko‘p bo‘ladi. Bu dushman kim bo‘ladi? Bu dushman — hasadgo‘y, ko‘rolmas, qo‘lidan ish kelmaydigan inson bo‘ladi. Buning hammasi hasaddan. Shunday insonlar borki, men gapirayotgan paytim telefoniga yozib oladi. Telefon qilib, ataylab nimalarnidir so‘raydi va uniyam yozib olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatadi. Bu pastkashlik deb hisoblayman. Mening ko‘nglimga xotirjamlik beradigani bu — qalbim. O‘zim vijdonim oldida toza bo‘lsam, undan boshqasi kerakmas”, — dedi Muhammadjon Obidov.

Foto: “Daryo”

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘onaning sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyevning ism, familiyasi va suratlari bilan ochilgan profillar paydo bo‘lgach, bu haqda bayonot bergan hokimning matbuot kotibi — Muhammadjon Obidov “Shuhrat G‘aniyev nomiga ochilgan soxta akkauntlar ortida puldor siyosiy kuchlar turibdi”, degandi. Keyinchalik viloyatda katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan “So‘x voqealari” yuzaga keldi. Voqealar ortidan ijtimoiy tarmoqlarda hokim “janjalkash” qishloqlarni So‘x tumani xaritasidan o‘chirib tashlashini aytgan audioyozuv tarqaldi. Bunga munosabat bildirgan hokimning matbuot kotibi Muhammadjon Obidov “Reytingi baland hokimlarni ham yoqtirmaydiganlar bor”, degan.