Xalqaro kosmik stansiyada havo chiqish joylarini qidirish uchun SKV-1 kislorod bilan ta’minlash tizimi o‘chirildi. Bu haqda stansiya ekipajining NASA’dagi Missiyani boshqarish markazi (MBM) bilan suhbatida aytib o‘tildi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.

Foto: Pinterest

MBM vakili, kosmonavt Sergey Rijikovning SKV-1 tizimi haqidagi savoliga “Ha, Sergey, SKV o‘chirilgan” deb javob bergan.

Tayyorgarlik ishlarini tugatgandan so‘ng, MBM vakili ekipajga mikroskop bilan ishlashni taklif qildi.

Qayd etilishicha, 20-fevral kuni rus kosmonavtlari mikroskop bilan ishlashni boshlashga uringan, ammo noma’lum sabablarga ko‘ra buni amalga oshira olmagan. MBM vakili ekipajdan muammo nima ekanligini tushunish uchun qurilmaning rasmlarini yerga yuborishni so‘ragan. Mikroskop 17-fevral kuni “Progress MS-16” kosmik yuk mashinasi tomonidan stansiyaga olib kelingan.

Yanvar oyida stansiyaning rus segmentining parvoz direktori Vladimir Solovyov “Progress” stansiyaga havo sizib chiqishi mumkin bo‘lgan joylarni qidirish uchun kuchli mikroskopni yetkazib berilishini e’lon qildi. Yanvarda “Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozin kema stantsiyadagi havo chiqishi oqibatida yo‘qotilgan kislorodning o‘rnini qoplash uchun stansiyaga qo‘shimcha kislorod yetkazib berishni aytgan.

Shu bilan birga, XKS ekipaji bilan muzokaralar davomida MBM mutaxassislari stansiyaning “gaz zaxiralari” nihoyasiga yetayotgani haqida xabar bergan.

XKSda havo sizib chiqishi 2020-yil 20-avgustda ma’lum bo‘ldi. Keyin “Roskosmos” matbuot xizmati stansiya ekipajining Rossiyaning “Zvezda” modulida Amerika segmentidagi bosim sinovlari davomida izolyatsiya qilinganini e’lon qildi. 24-avgust kuni Rogozin “Interfaks”ga XKS havo chiqishi ahamiyatsiz ekanligini va uni asboblar deyarli sezmasligini aytgan. Solovyovning so‘zlariga ko‘ra, havoning sizib chiqishi darajasi tanqidiy ko‘rsatkichdan minglab marta kam.

Ayni paytda kosmonavtlar choy paketlaridan foydalanib, ehtimoliy havo chiqish joylaridan birini topib, uni vaqtinchalik vositalar bilan izolyatsiya qilgan. Ammo ular hali uni to‘liq bartaraf qila olmagan.

Bundan avval AQShning Cygnus kosmik yuk kemasi Xalqaro kosmik stansiyaga muvaffaqiyatli tutashgani hamda Ilon Maskning kemasida XKSga uchadigan ilk sayyohlar ismi ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgandi.