Olimlar Yevropaga issiqlik olib keladigan Atlantika okeanidagi iliq dengiz oqimi (Golfstrim) tizimida sezilarli o‘zgarishlar yuz berganini aniqladi. Bu haqda o‘zgarishlar yuzasidan nashr etilgan ikkita tadqiqotga asoslanib, The Financial Times xabar berdi.

Foto: “TASS”

Gap nafaqat Shimoliy Amerikaning sharqiy qirg‘oqlari bo‘ylab, balki Afrikaning shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘i, G‘arbiy Yevropa, Skandinaviya, Barens dengiziga hamda Shimoliy Muz okeaniga ta’sir qiladigan Atlantika oqimlarining butun tizimi haqida bormoqda. Nature Geoscience jurnalidagi tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, o‘tgan ming yillikda Golfstrim rekord darajada sekinlashgan.

Sekinlashish olimlarning mazkur jarayonni yanada keskinroq bo‘lishi haqidagi prognozlariga zid bo‘lib turibdi. Tadqiqot mualliflari ushbu hodisani sayyoradagi global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘ladi. Potsdam iqlim ta’sirini o‘rganish instituti xodimi Stefan Ramstorfning fikriga ko‘ra, inson faoliyatining tabiatga ta’siri iqlimdagi o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda.

“Bu, ehtimol, issiqxona gazlarining chiqindisi tufaylidir, chunki Golfstrimning bu darajada sekinlashishga boshqa ishonchli izohlar yo‘q. Buni iqlim modellari bir necha o‘n yillardan beri bashorat qilib kelmoqda”, — deydi olim.

Ramstorfning so‘zlariga ko‘ra, Golfstrimning hozirgi tezligi so‘nggi yuz yil ichida 15 foizga pasaygan. Bu esa allaqachon ob-havoga o‘z ta’sirini o‘tkazdi, xususan, Yevropa janubida tez-tez issiqlik to‘lqinlarini keltirib chiqardi. Olimlar bu darajada sekinlashishdan xavotirda, chunki jarayon davom etar ekan, ikkala yarimsharda ham iqlimni hosil qiluvchi suv massalarining aylanishi butunlay beqarorlashishi mumkin.

Britaniyaning Antarktika tadqiqotlari okeanografi Endryu Meyersning ta’kidlashicha, Golfstrimning umumiy tizimi iqlimga antropogen ta’sirlar ko‘rsatilgunga qadar ancha barqaror bo‘lgan. Hozirda Grenlandiyada muz erishi va Shimoliy Amerikada yog‘ingarchilikning ko‘payishi unga katta ta’sir ko‘rsatmoqda.

“Bundan ko‘rinib turibdiki, sekinlashuv tabiiy o‘zgarish emas, balki inson ta’sirining natijasidir”, — deya qo‘shimcha qildi Meyers. Biroq Oksford universiteti iqlimshunosi Tim Palmer Yevropadagi ob-havo o‘zgarishiga boshqa omillar ham ta’sir qilmoqda, deb hisoblaydi.

Proceedings of the National Academy of Sciences jurnalida chop etilgan yana bir tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, global isishning tezlashishi oxir-oqibat Golfstrimning butunlay to‘xtatishiga olib kelishi mumkin.

Ushbu tadqiqotning yetakchi muallifi, Kopengagen universiteti xodimi Yoxannes Lomanning aytishicha, global isish keskin tezlashmagan taqdirda keyingi 100 yilda oqimlar to‘xtamasligi kerak.

Bu olimlarning Gofstrim oqimi sekinlashayotgani haqida birinchi marta ogohlantirishi emas. 2018-yil aprel oyida ikki guruh tadqiqotchilar so‘nggi 1,6 ming yil ichida iliq oqim tezligi hozirgi kunda eng past ko‘rsatkichda, deya xulosa qilgan edi. Bu G‘arbiy Yevropada qishni yanada qattiqroq bo‘lishiga, AQShning sharqiy qirg‘og‘ida dengiz sathi ko‘tarilishining tezlashishiga va tropik yog‘ingarchiliklarga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga olib kelishi mumkin. Ularning xulosalariga ko‘ra, antropogen faollik tufayli yuzaga kelgan global isish o‘z navbatida Golfstrimning sekinlashishiga katta hissa qo‘shgan.

Avvalroq olimlar okeanlarda suv sathi kutilganidan ancha tez ko‘tarilayotganini ma’lum qilgan edi.

Ocean Sciences jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, avvalgi prognozlarda okean sathining ushbu asr oxiriga qadar 1,1 metrdan oshishi kutilmagan edi. Biroq Kopengagen universiteti va Byerknes nomidagi Norvegiya iqlim tadqiqotlari markazining olimlari tomonidan olib borilgan yangi hisob-kitoblar shuni ko‘rsatdiki, Yer Selsiy bo‘yicha atigi yarim daraja isiganida okeanlar sathi yarim metrga ko‘tariladi, 2 daraja qiziganida esa bir metrdan oshadi. Asr oxirlarida Yerdagi harorat 4 gradusdan oshishi kutilmoqda.