Kvinslend universiteti va Germaniya neyrodegenerativ kasalliklar markazi mutaxassislari muntazam olma iste’mol qilish yangi miya hujayralarining shakllanishiga, xotirani va kognitiv funksiyani yaxshilashga xizmat qilishini aniqladi. Tadqiqot Science Direct saytida e’lon qilingan, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.

Foto: Pixabay

Sichqonlar ustida olib borilgan tadqiqotlar davomida olimlar katta sichqon miyasidagi ildiz hujayralarni o‘stirgan. Shundan so‘ng unga kversetin yoki 2-gidroksibenzoy kislota — olmalar tarkibida bo‘ladigan fitonutriyentlarni qo‘shgan.

Aniqlanishicha, olmalardagi fitonutriyentlarning yuqori konsentratsiyasi neyrogenez — yangi neyronlar hosil bo‘lishini rag‘batlantiradi.

“Resveratrol va epigallokatexin-3-gallat (EGCG) kabi fitonutriyentlar turli organlarga, jumladan, miyaga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deb ta’kidlaydi tadqiqot mualliflari.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, olingan natijalar yangi neyronlar shakllanishiga yordam beradigan jismoniy tayyorgarliklar samarasiga mos keladi.

Avvalroq olimlar o‘lim xavfi ehtimolligini 25 foizga qisqartirishga qodir mahsulot nomini ma’lum qilgandi.