Homiladorlikning birinchi trimestrida ayollarning qariyb to‘rtdan uchtasini ko‘ngil aynishi va qayt qilish bezovta qiladi. Bunday belgilar homiladorlikning erta toksikozi deb nomlanadi va turli darajalarda namoyon bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik ayollar uchun bu belgilar homiladorlikning birinchi belgisi bo‘lib xizmat qiladi. Akusher-ginekolog Tosheva Iroda bilan erta toksikozlarning belgilari, sabablari, uy sharoitida davolash uchun tavsiyalar va boshqa ma’lumotlar haqida suhbat qildik.

Foto: Getty Images / iStockphoto

Toksikoz belgilari qachon va qay tarzda namoyon bo‘ladi?

Ko‘ngil aynishi va qusish aksariyat hollarda homiladorlikning 5-haftasidan 18-haftasigacha bo‘lgan muddatda paydo bo‘ladi. Belgilar ko‘pincha 9-haftada eng yuqori darajada bo‘ladi. Ba’zan simptomlar tug‘ruq davrigacha davom etishi mumkin. Ko‘ngil aynishi va qusish asosan ertalab uyqudan turganda kuzatilsa-da, kunning istalgan vaqtida ham bo‘lishi mumkin. Ko‘ngil aynishi va qusish normal fiziologik homiladorlikda kuzatilib, ona va bola uchun xavf tug‘dirmaydi. Ba’zi tadqiqotlar shu kabi belgilar kuzatilmagan homiladorlikdan ko‘ra yengil toksikozlar kuzatilgan homiladorlik nisbatan yaxshi o‘tishini aniqlagan. Agar homilador ayol kuniga 3 martadan ko‘p qayt qilsa, suvsizlansa, tana massasi 5% dan ko‘proq yo‘qotilsa, isitma va boshqa belgilar kuzatilsa bu og‘ir formadagi toksikoz hisoblanadi va tibbiyot tilida hyperemesis gravidarum (homiladorlikda ko‘p qusish) deb yuritiladi. Isitma normal fiziologik homiladorlikdagi ko‘ngil aynish va qusishda kuzatilmaydi. Og‘ir formadagi belgilar kuzatilsa, shifokorga murojaat etishingiz zarur.

Belgilar yuzaga chiqishi uchun xavf omillari qaysilar?

  • Qiz jinsdagi homila
  • Egizak homila
  • Xorion gonadotrop gormonining yuqori konsentratsiyasi
  • Homilador ayolning yoshi kichikligi
  • Birinchi homiladorlik

Kelib chiqish sabablari qaysilar?

Aniq sababi haligacha noma’lum bo‘lsa-da, turli xil taxminlar mavjud. Ulardan eng mashhurlari gormonlar nisbatining o‘zgarishi, evalutsion moslashish va fiziologik o‘zgarishlardir. Homiladorlikning dastlabki davrida ona qonidagi progesteron gormoni miqdori oshib ketadi va ayni shu vaqtda ko‘ngil aynishi va qusish belgilari kuchayadi. Chunki, bu gormon ovqat hazm qilish naylari mushaklarini bo‘shashtirishi va kislotalikni oshiradi. Ko‘ngil aynishi va qusish homiladorlikka evolyutsion moslashish natijasi bo‘lishi ham mumkin. Ya’ni bu belgilar homilador ayol va homilani zararli oziq-moddalardan himoya qilib turadi.

Uy sharoitida davolash usullari haqida

Eng birinchi qilinishi lozim bo‘lgan ish ovqatlanish tartibi va sifatini o‘zgartirishdir. Bu belgilar bilan og‘rigan ayol kam-kamdan bir necha marta (5-8) ovqatlanishi kerak. Shuningdek, kech ovqatlanmaslik lozim (20:00 dan so‘ng). Ovqatlar uglevodlar va oqsillarga boy, kam yog‘li bo‘lishi kerak. Aynan qaysidir bir turdagi ovqatlar ko‘ngilni aynitsa, bunday ovqatlarni iste’mol qilmaslik kerak. Agar issiq ovqatlarning hidi yoqmasa, uni ilitib iste’mol qilish lozim. Suvsizlanishning oldini olish uchun ko‘p miqdorda (tez-tez ammo juda ko‘p emas) suyuqlik ichish tavsiya etiladi. Shunday belgilar kuzatilayotgan ayollar ertalab uyqudan turishlari bilanoq, o‘rindan turmasdan ozroq non yeb olsalar bu belgilarni ancha yumshatadi. Shuningdek, yostiqlarni doimgidan 15-20 sm yuqori qilib uxlash ham foyda beradi. Homilador ayollar bu davrda yaqinlari tomonidan psixologik qo‘llab quvvatlanishi lozim.

Foto: Google Photos

Zanjabil o‘simligining ildizlari ko‘ngil aynishi va qusishga qarshi ishlatiladigan effektiv vositadir. 250 mg zanjabil ildizining qaynatmasi kuniga bir mahal ovqatdan oldin ichiladi.

Uy sharoitida yuqoridagi choralarni ko‘rsangiz va shunda ham simptomlar yengillashmasa va og‘ir turdagi qusish belgilari kuzatilsa, shifokorga murojaat qilishingiz kerak. Shifokoringiz ba’zi tekshiruvlarni o‘tkazishi va medikomentoz davo choralarini ko‘rishi mumkin.

Medikamentoz davolar qaysilar bo‘lishi mumkin?

Birinchi qator preparat vitamin B6 (Piridoksin) kechda 25 mg, ertalab vaqtli 12,5 mg, agar zarur bo‘lsa, tushda ham 12,5 mg berish mumkin.  Antigistamin va antixolinergik vositalar berilishi mumkin. Har 6 soatda dimedrol (difengidramin) 25-50 mg dan. Markaziy dofamin retseptor antagonisti – Metoklopramid kuniga 2-3 marta (simptomlar yo‘qolgunicha) 10 mg (1 ampula) mushak orasiga yoki vena ichiga yuboriladi. Agar dori vositalari yetarlicha foyda bermasa, suvsizlanishning oldini olish va mineral moddalar o‘rnini to‘ldirish uchun shifokor sizni nazogastral yoki nazoduodenal oziqlantirishi mumkin.

Infuzion terapiya sifatida NaCl yoki Ringer laktat eritmasini berish mumkin. Suyuqlik miqdori 2-2,5 litrdan oshmasligi kerak. Glyukoza quymagan ma‘qul, chunki u ketoatsedozni yanada kuchaytirishi mumkin.

Qanday qilib erta toksikozning oldini olish mumkin?

Homiladorlikdan bir oy oldin vitaminlar (Vitamin kompleks) qabul qilib borish simptomlarni kamaytiradi. Homilador bo‘lishdan oldin homiladorlikka tayyorgarlik ko‘rish, mavjud kasalliklarni davolash kerak.

Zuhriddin Obloqulov suhbatlashdi.