Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Starship kosmik kemasi prototipini uchirib sinash parvozga 0,1 soniya qolganida to‘xtatildi, deb yozadi Meduza.

Foto: Reuters

CNN xabariga ko‘ra, Starship SN10 (o‘ninchi seriyali sinov qurilmasi) sinov parvoziga tayyor edi, ammo parvoz oldidan so‘nggi lahzada kema dvigatellari to‘xtatildi va SpaceX parvoz amalga oshmasligini ma’lum qildi.

The New York Times yozishicha, parvoz dvigatellardan birida aniqlangan muammolar tufayli to‘xtatilgan. Prototipning bort kompyuteri dvigatellardan birida tortish kuchi juda kattalashib ketgani haqidagi ma’lumotni qabul qilgan, deb yozadi Ars Technica SpaceX asoschisi Ilon Maskning izohiga tayanib.

Starship SN10 tekshiruvdan o‘tkazildi va yonilg‘i bilan to‘ldirilgach, qaytadan parvozga tayyorlandi. Raketa start olib, belgilangan balandlikkacha chiqdi (taxminan 10 km). So‘ng u qo‘ndi, ammo qo‘nishdan keyin bir necha daqiqa o‘tib, portlab ketdi. Reuters yozishicha, bu Starship qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan birinchi holatdir, bungacha barcha namunalar dvigatel ishga tushirilganidan keyin yoki ularni qo‘ndirishga urinish paytida portlagan.

Ilon Mask Starship eltuvchi raketasining prototipi so‘nggi sinov parvozlari chog‘ida eson-omon qo‘nganini ma’lum qildi. “Starship SN10 eson-omon qo‘nib oldi!” — deb yozdi u Twitter’da.

Starship’ning sakkizinchi va to‘qqizinchi prototiplari 2020-yil dekabrida va 2021-yil fevralida sinov parvozlari chog‘ida qo‘nish paytida portlab ketgan edi.

Bir kun avval esa SpaceX kompaniyasi 60 ta Starlink mikrosputniki bilan Falcon 9 tashuvchi raketasi parvozini rejalashtirilgan vaqtga 1 daqiqa-yu 24 soniya qolganda bekor qilgan edi.

Starship kosmik kemasi va o‘ta og‘ir raketasi Yerga yaqin orbita, Oy va Marsga ekipaj va yuklarni olib chiqishga mo‘ljallangan. Starship Yerga yaqin orbitaga 100 tonnadan ortiq yukni yetkazishga qodir bo‘lgan tarixdagi eng kuchli tashuvchi raketa bo‘lishi kutilmoqda.