Toj Mahaldan, taxminan, mingta sayyoh portlash xavfi sababli evakuatsiya qilindi. Bu haqda Tengrinews xabar berdi.

Foto: “elements.envato.com”

Binoga bomba qo‘yilgani haqida xabar bergan noma’lum kishining qo‘ng‘irog‘idan keyin dunyoga mashhur maqbarada shoshilinch evakuatsiya amalga oshirildi.

Hindiston harbiy kuchlari va Agra politsiyasi portlashning oldini olish uchun choralar ko‘rdi. Huquqni muhofaza qilish organlari madaniyat yodgorligining g‘arbiy va sharqiy darvozalarini berkitib, sapyorlarni bombani izlashga yo‘naltirdi. Mingdan ortiq sayyohlar hududdan chiqarildi.

“Dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq bo‘lib, Toj Mahalda bomba saqlanayotgani va tez orada portlashi haqida aytildi. Shundan keyin biz zudlik bilan Toj Mahal atrofida xavfsizlik tekshiruvini o‘tkazdik”, — dedi politsiya komissari Shiv Ram Yadav.

Lekin tekshiruv davomida bomba aniqlanmadi, qo‘ng‘iroq soxta deb topildi. Politsiyaning aniqlashicha, qo‘ng‘iroq Uttar-Pradesh shtatining Feruzobod shahridan amalga oshirilgan. Qo‘ng‘iroq qilgan odam qidirilmoqda.