So‘nggi yillarda o‘zbek san’atining ko‘plab vakillari AQSh, Turkiya, Rossiya kabi davlatlarga oilaviy ko‘chib ketmoqda. Bu esa ularning muxlislari va tomoshabinlarda qiziqish uyg‘otayotgani shubhasiz. “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov Amerikada musofirlikni boshdan kechirayotgan o‘zbekistonlik mashhurlar haqida material tayyorladi.

Yopiq hayot tarzini tanlagan Dilorom Qambarova

“Issiq quyosh taftidagi uy”, “Olovli yo‘llar”, “To‘ylar muborak”, “Temir xotin” kabi o‘ttizga yaqin betakror filmlarda suratga tushgan aktrisa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilorom Qambarova yigirma yil avval AQShga ko‘chib ketgan. U aktrisa sifatida oxirgi marta “Sharif va Marif” filmida rol o‘ynagan.

Foto: Yandeks Dzen

Dilorom Qambarova 90-yillarda ishsizlik va yana ko‘plab muammolar sabab Amerikada yashashga qaror qiladi. Musofir yurtda kinodagi faoliyatiga nuqta qo‘yib, modalar uyida tajriba orttiradi va bir muddat shu yo‘nalishda ishlaydi. U ikki marta oila quradi va Polina hamda Zarina ismli qizlarni dunyoga keltiradi.

Foto: m.mirtesen.ru

64 yoshli aktrisa o‘zi uchun yopiq hayot tarzini tanlab, ortda qolgan hayotini eslatib turadigan barcha narsadan voz kechdi, ijtimoiy tadbirlarda qatnashishni to‘xtatdi.

Bolaligidanoq tanilgan Jalol Yusupov

“Chinor ostidagi duel”, “Suyunchi” kabi filmlardagi epizodik rollari orqali kichkinaligidanoq tanilgan aktyor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jalol Yusupov hozirda Amerikada hayot kechirmoqda.

Foto: Telegram

U “Sardor”, “Aldangan ayol” singari ko‘plab kino va seriallarda ham suratga tushgan. 1991–2006-yillarda O‘zbekiston yoshlar teatrida aktyor va rejissyor sifatida ishlagan 52 yoshli Jalol Yusupov oilasi bilan Nyu-York shahrida istiqomat qiladi.

Talabaga aylangan Yulduz Hamidova

“Bozor ko‘rmagan yigit”, “Temir ayol”, “Tangalik bolalar”, “Chavandoz”, “Tutash taqdirlar” singari ko‘plab film va seriallardagi ijrolari orqali tomoshabinlar ko‘nglidan joy olgan aktrisa Yulduz Hamidova 7 yildan buyon Amerikaning Los-Anjeles shahrida istiqomat qiladi.

Foto: “Daryo”

“AQSHga shu yerdagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan Fotima va Zuhra qizlarim bilan kelganman. Ular Toshkent shahrida ingliz tilini chuqurlashtirib o‘rgatiladigan maktabni tamomlaganidan keyin xorijda o‘qishni davom ettirishni istashdi. Avval Malayziyaga, keyin AQShga o‘qishga kelishdi. Egizak farzandlarimga qo‘shilib men ham talaba bo‘ldim. Los-Anjelesdagi kollejda o‘qiyapman. Kollejda moliyaviy tomondan yordam berishadi, til ham o‘rganaman. Ingliz tilini mukammal bilmasam-da, ammo biroz suhbatlasha olaman”, — deydi aktrisa.

Foto: instagram

Yulduz Hamidova O‘zbekistonga vaziyatdan kelib chiqib, har to‘rt-besh oyda bir keladi. Har gal biror film yoki serialda suratga tushadi.

“Tutash taqdirlar”dagi Azizbek ham okean ortida

“Gulhan atrofidagilar”, “Tutash taqdirlar” kabi seriallardagi rollari bilan mashhurlikka erishgan kino va teatr aktyori Ja’far Mo‘minov 2010-yilda “grin karta” lotereyasiga hujjat topshiradi. Omadi chopib, lotereyani yutgach 2011-yilning yanvarida AQShga oilaviy ketadi.

Foto: “Daryo”

U to‘qqiz yil davomida Nyu-York shtatida yashaydi. Dastlab “Tomosha” nomli o‘zbek teatri va “Sharq ovozi” radiosida faoliyat yuritadi. Orada “Bonu&Jafar” Entertainment LLC kompaniyasiga asos solib, o‘zbekistonlik san’atkorlarni taklif qilgan holda yilda bir-ikki marta konsertlar uyushtiradi. Bir necha yildan buyon esa Minnesota shtatida oilaviy “Samarqand” restoranini yurg‘izishadi.

Foto: Ja’far Mo‘minovning shaxsiy arxividan

Ja’far Mo‘minovning to‘rt nafar farzandi bor: ikki o‘g‘il va ikki qiz. To‘ng‘ich farzandi Samira O‘zbekistonda tug‘ilgan. Qolgan uch nafar zurriyoti Amerikada dunyoga kelgan. Ikki nafar farzandi okean ortidagi maktabda o‘qiydi, kenjatoyi esa hali maktab yoshiga yetmagan.

Mayamida yashayotgan “Oq Tayson”

“Oq Tayson” laqabi bilan tanilgan charm qo‘lqop ustasi Ruslan Chagayev ham AQShda istiqomat qiladi. O‘zbek boksining tirik afsonasi okean ortida o‘zining M-13 promouterlik kompaniyasiga asos solgan.

Foto: “Daryo”

U ko‘zi bilan bog‘liq muammo va jarohatlar tufayli 2016-yilning oktabrida 37 yoshida professional ringni tark etadi. Ruslan Chagayev faoliyati mobaynida 38 ta professional jang o‘tkazgan va ularning 34 tasida g‘alaba qozongan. U raqiblarini 21 marta nokautga uchratgan. Bir muddat Germaniyaning Hamburg shahrida mashg‘ulot olib borgan sobiq jahon chempioni ikki yildirki, Rossiyada murabbiylik faoliyatini davom ettirmoqda.

Foto: Instagram

Shunday bo‘lsa-da, u oilasi bilan Amerikaning Mayami shahrida yashaydi. Boshqa mamlakatlarga boks sabab tez-tez borib turadi. Afsonaviy bokschi rafiqasi Viktoriya Chagayeva hamda uch o‘g‘li: Artur, Alan va Adam bilan birga tushgan suratlarini ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylab boradi.

“17 yildan beri O‘zbekistonga borganim yo‘q”

“Sevgi”, “Sarvinoz”, “Yodgor” kabi o‘nlab film va kliplardagi betakror rollari bilan tanilgan aktrisa Kamola Umarxo‘jayeva 17 yildan beri Amerikada. U ayni paytda AQShning Vashington shahrida yashaydi.

Foto: “Daryo”

Okean ortiga 2004-yilda til o‘rganish uchun borgan aktrisa o‘sha yerda turmushga chiqadi. Farzandli bo‘lgach Amerikada qolishga qaror qiladi. Ammo hech qancha vaqt o‘tmay, birinchi turmushi bilan ajrashadi.

Foto: “Daryo”

“Oramizda bir o‘g‘il va bir qizimiz borligi uchun ham haligacha do‘stona munosabatdamiz, farzandlarimiz orqali gaplashib turamiz. Keyin ikkinchi marta oila qurdim. Hozirgi turmush o‘rtog‘im asli suriyalik. Ular ancha yillar avval oilasi bilan AQShga ko‘chib kelishgan. U shu yerda ulg‘aygan, desam ham bo‘ladi. Hozirda uch o‘g‘il va bir qizim bor. Ochig‘ini aytsam, 17 yil davomida biror marta ham O‘zbekistonga borganim yo‘q. O‘tgan yili bormoqchi edim, ammo pandemiya tufayli keyinga qoldirildi. Vatanimni hamisha sog‘inaman, buni esa so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Amerikaga o‘zim bilan qoshiq va stakan olib kelganman. Shu ikki buyum bolaligimni, oilamni eslatib turadi”, — deydi Kamola Umarxo‘jayeva.

Muhabbat Shamayeva 29 yildan beri okean ortida

“Ko‘chalar”, “O‘rik gullaganda”, “Toshkent nahori” singari yuzlab o‘lmas qo‘shiqlari bilan keksa va o‘rta avlod vakillariga juda yaxshi tanish O‘zbekiston xalq artisti Muhabbat Shamayeva 1992-yilda oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan.

Foto: “Daryo”

77 yoshni qarshilagan hofiza hamon jonli ijroni kanda qilmaydi. Nyu-York shtatida hayot kechirayotgan san’atkor Amerikada farzandlari bilan “Maqom” nomli kichik ansambl tuzgan. Turli kechalar, festivallar va bayramlarda ishtirok etib, o‘zbek san’ati, madaniyati va urf-odatlarini targ‘ib qilib kelmoqda.

Foto: “Xalq so‘zi Online”

Muhabbat Shamayeva 2018-yilda AQShda istiqomat qiluvchi hamkasbi, O‘zbekiston xalq artisti Izro Malakov bilan Toshkent shahrida konsert bergan. Shuningdek, o‘sha yili Shahrisabz shahrida ilk bor o‘tkazilgan Xalqaro maqom san’ati anjumanida qatnashgan. Uning uch nafar farzandi: Raj ismli o‘g‘li hamda Nargis va Viola ismli qizlari bor. San’atkorning turmush o‘rtog‘i O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Mallayev sozanda, bastakor, shoir, dramaturg sifatida ijod qilgan. U 2008-yil 72 yoshida vafot etgan.

Tarjimonlik qilayotgan taniqli o‘zbek suxandoni

O‘zbekistonning birinchi Prezidenti Islom Karimov matbuot xizmatida ishlagan, 1980—1990-yillar o‘zbek televideniyesining yulduzi bo‘lgan suxandon Lola Hotamova 20 yildirki Amerikaning Florida shtatida yashab, faoliyat yuritadi. O‘zbek ayollari orasidagi ilk siyosiy sharhlovchi va hindshunos sifatida ham tanilgan ijodkor okean ortiga ketish sababini shunday izohlaydi:

Foto: “Daryo”

“1991-yili meni Prezident devoni va televideniyedagi ikkala ishimdan ham hech qanday asossiz bo‘shatishdi. Shundan keyin to‘qqiz yil davomida turli sohalarda faoliyat yuritdim. Balki, yana hayot o‘nglanib qolar, yaxshi yashash nasib qilar, deya ertangi kunga umid bilan qaradim. Ammo O‘zbekistondagi hayot yildan yilga battarlashib, nohaqliklar va adolatsizliklar ko‘payib ketdi, bu esa ruhiyatimga yomon ta’sir qildi.

O‘ngdan chapga: O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov, Lola Hotamova, telejurnalist Yekaterina hamda O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov. Oliy Majlis sessiyasi, 1990-yil

Foto: Lola Hotamovaning shaxsiy arxividan

Ikki nafar qizimni oyoqqa turg‘izib, ularni o‘qitish, turmushga uzatish uchun ham qo‘limda yetarli mablag‘ bo‘lishi kerak edi. Lekin mamlakatda oylik maoshlarning judayam pastligi meni chet eldan ish qidirishimga sabab bo‘ldi. Amerikaga faqat moddiy manfaat qidirib kelganim yo‘q, balki, o‘z yurtimda qadrimni bilishmagani, bilimim, tajribam va iqtidorimga yarasha ish berishmagani uchun O‘zbekistondan ketishga qaror qilganman. 2000-yildan beri AQShdaman. Biroq haligacha O‘zbekiston fuqarosiman”.

Foto: Lola Hotamovaning shaxsiy arxividan

Ayni paytda o‘zbek, rus, hind va ingliz tillarida xizmat ko‘rsatuvchi immigratsiya sudida tarjimon bo‘lib ishlayotgan Lola Hotamovaning ikki nafar qizi va bir nafar nabirasi bor. Katta farzandi Nyu-Yorkdagi nufuzli banklarning birida mas’ul lavozimda ishlaydi. Kenja qizi nomdor kompaniyada faoliyat yuritadi.

O‘zbek raqsini targ‘ib qilayotgan Sug‘diyona Isroilova

Taniqli raqqosa, O‘zbekiston xalq artisti Dilafruz Jabborovaning izdosh qizi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sug‘diyona Isroilova 14 yil avval AQShga yashash uchun yo‘l olgan.

Foto: “Daryo”

Betakror raqslari bilan tanilgan ijodkor Nyu-York shtatining Bruklin tumanida oilasi bilan birga istiqomat qiladi. 2007-yili professional karyerasiga nuqta qo‘ygan raqqosa Amerikada o‘zbek milliy raqs san’atini targ‘ib qilishda juda faol. U yosh qizlarga ham raqs sirlarini o‘rgatadi.