Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Chilonzor tumanida qora rangli Nexia-3 avtomobilida taksichilik qilgan noma’lum erkak 10 yoshli o‘g‘il bolani zo‘rlamoqchi bo‘lgani haqida xabar tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 28-fevral kuni Chilonzor tumani Ichki ishlar organi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga 30 yoshli B.J. murojaat qilgan. Fuqaro o‘z arizasida uning 10 yoshli o‘g‘liga nisbatan fahsh harakatlar qilgan taksichiga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan. Otaning murojaatidan so‘ng mazkur fakt Toshkent shahar IIBB rahbariyatining nazoratiga olingan.

Mazkur fakt bo‘yicha Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchining shaxsini va holat tafsilotlarini aniqlashga qaratilgan tezkor-tergov tadbiri o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Toshkentda liftda voyaga yetmagan qizlarga tegajog‘lik qilgan erkak 1,5 yilga qamalgani, Sirdaryolik erkak maktab hojatxonasida 8 yoshli qizga nisbatan axloqsiz harakatlarni amalga oshirgani ma’lum bo‘lgani hamda Sirdaryoda o‘gay qiziga zo‘ravonlik qilgan ayol ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.