AQSh Aeronavtika va kosmik makonni tadqiq qilish bo‘yicha milliy boshqarmasi (NASA) yaqin o‘n yil ichida Oyga birinchi ayolni uchirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “RBK”.

NASA kosmik parvozlari rahbari Charli Blekvell-Tompson CBS News telekanaliga ma’lum qilishicha, missiya “Artemida” dasturi doirasida rejalashtirilmoqda, ushbu dasturga to‘qqiz nafar erkak va to‘qqiz nafar ayol a’zo bo‘ladi. “Yer yo‘ldoshini o‘rganishni qaytadan boshlash yangi qimmatli bilimlarga ega bo‘lish va ko‘plab ilmiy kashfiyotlar qilish imkoniyatini beradi”, — deydi u.

Shu bilan birga, CBS News qayd etishicha, ayni paytda mablag‘lar keragidan ortiqcha sarf bo‘lishi tufayli “Artemida” dasturini amalga oshirish kechikmoqda.

Avvalroq NASA parvoz qiluvchi Sofia infraqizil teleskopi yordamida olib borilgan Oyni o‘rganish ishlari davomida uning Yerga qaragan tomonida birinchi marta suv izlarini aniqlagan edi. Avval suv Oyning Quyosh nuri isitmaydigan orqa tomonidagi kraterlarida mavjud, deb hisoblanardi.

NASA’ning “Artemida” dasturi doirasida 2024-yilda amerikalik astronavtlarning Oy yuzasiga tushishi va uning muz shaklida suv zaxiralari mavjud deb hisoblanadigan Janubiy yarimsharida tadqiqotlar olib borishi rejalashtirilmoqda, deyilgandi o‘shanda.

NASA tomonidan qayd etilishicha, mazkur zaxiralar suv, havo va yoqilg‘i manbai sifatida Oydagi uzoq missiyalarda resurs bo‘lib xizmat qilishi, shuningdek, uzoq kosmos tadqiqotlarini ta’minlashi mumkin.