Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida 5-mart kuni 6-sinf o‘quvchisi Katta Farg‘ona kanaliga cho‘kib ketdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tumanining “Beruniy” mahalla fuqarolar yig‘ini Alisher Navoiy ko‘chasida yashagan 13 yoshli Umidjon Abdusattorov ehtiyotsizlik oqibatida shu hududdan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanaliga cho‘kib ketgan.

Foto: “Daryo”

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan qishloq ahlining aytishicha, Umidjon Abdusattorov 2008-yilda “Beruniy” mahallasida tug‘ilgan. Mahalladagi 22-umumta’lim maktabining 6-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Maktab yonida joylashgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasi mashg‘ulotlariga qatnashgan.

Foto: “Daryo”

“Bu bola o‘zi ‘Beruniy’ mahallasida yashaydi. Bizning mahallamiz hududidan oqib o‘tuvchi Katta Farg‘ona kanalining bo‘yida baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasi bor. Cho‘kib ketgan bola shu klubda yangi o‘rganuvchi bo‘lgan. O‘sha kuni ular kanalda eshkak eshish mashg‘ulotlarini olib borishgan. E’tiborsizlik qilib, qutqaruv nimchalarini kiyib olmagan ekan. Qayig‘i ag‘darilib ketib, suvga tushib ketgan. Sheriklari ko‘rib, qutqarishga harakat qilgan. Lekin suv sovuqligi uchun tomirlari tortishib, bolani ushlab qolisha olmagan.

Foto: “Daryo”

Juda ko‘p taniqli sportchilar chiqqan bu joydan: jahon, Osiyo chempionlari bor. Otasi ularga havas qilib, o‘g‘lini shu klub mashg‘ulotlariga bergan. O‘zi ham jahon chempioni bo‘lib, O‘zbekistonga oltin medal olib kelaman, deb niyat qilgan ekan”, — deydi “Pastkiqo‘riq” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhiddin Hoshimov.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i Dilshod Rahmonovning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining maxsus vazifalarni bajaruvchi mintaqaviy qutqaruv otryadi g‘avvos-qutqaruvchilari tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joyda qidiruv ishlari olib borilmoqda.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining huquqbuzarliklar profilaktikasi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Habibjon Esonovning ma’lum qilishicha, kanalga cho‘kib ketgani taxmin qilinayotgan fuqaroga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Jasadni suvdan qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Habibjon Esonov.

Foto: “Daryo”

“5-mart kuni soat 16:00 da tuman ichki ishlar bo‘limining navbatchilik qismiga baxtsiz hodisa sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. Farg‘ona viloyati ikkinchi mintaqaviy hudud rahbari Muzaffar Xoldorov, O‘zbekiston tumani prokurori Mirzobedil Nazarov, favqulodda vaziyatlar va milliy gvardiya tuman bo‘limlari boshliqlari hodisa joyiga yetib kelishgan. 20 ta qutqaruv otryadi tashkil etilib, qidiruv ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar hodisa joyidan 7 kilometr uzoqlikdagi masofa oralig‘ida suv tubi g‘avvoslar tomonidan ko‘rildi. 55 kilometr masofada esa suv yuzasi ko‘rib chiqildi”, — dedi Habibjon Esonov.

Foto: “Daryo”

Avvalroq viloyatning Yozyovon tumani Bo‘tqachi qishlog‘ida yashovchi 17 yoshli yigit 2020-yilning 22-dekabr kuni o‘zini Katta Farg‘ona kanaliga tashlagani, uning jasadi oradan 73 kun o‘tib topilgani haqida xabar berilgan edi.