Perseverance marsoxodi birinchi marta Mars yuzasida “sayr qildi”. Bu haqda NASA Twitter orqali ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”. Marsoxod sayyora yuzasida iz qoldirib, taxminan, besh metr yurgan.

“Men Marsda birinchi sinov tariqasida besh metrga yaqin joyni bosib o‘tdim. Siz mening g‘ildirak izlarimning faqat boshlanishini ko‘rib turibsiz. Hali ko‘p iz hosil qilish kerak”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 31-iyun sanasida NASA bortiga Perseverance nomli yangi apparat o‘rnatilgan Atlas V raketa-tashuvchisini Kanaveral sahrosidan uchirgan edi.

2021-yil 9-fevralga o‘tar kechasi Perseverance tadqiqot apparati Marsga muvaffaqiyatli qo‘nishni amalga oshirdi. Qo‘nish, taxminan, yetti daqiqa davom etgan. Bu vaqt mobaynida barcha operatsiyalar avtomatik rejimda amalga oshirilgan.

AQSh Aeronavtika va fazoviy bo‘shliqlarni tadqiq qilish milliy agentligi (NASA) Perseverance roverini Marsga qo‘ndirish vaqtida olingan videoyozuvni e’lon qildi. Kadrlarda marsoxodni tushirishning barcha bosqichlari — Mars atmosferasida parashyut ochilishidan boshlab, Perseverance sayyora yuzasiga tegishi bilan qo‘nish modulining ajralib chiqishigacha bo‘lgan lahzalar aks etgan.

Olimlar fikricha, Marsdagi Yezero kraterida hayot izlari saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin, marsoxod shularni qidirish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, marsoxod sayyora iqlimini o‘rganib, tog‘ jinslari va cho‘kindilar namunalarini to‘playdi. Apparat Marsda 687 kun davomida ish olib boradi.