Lozanna federal politexnika maktabi (EFPL) olimlari ko‘zi ojiz insonlarga buyumlar shaklini ko‘rish imkonini beradigan ko‘z implantini yaratdi, deb xabar beradi Esquire.

Foto: Legion Media

Neyromuhandislik kafedrasi mudisi Diego Gezzi 2015-yildan buyon 10,5 ming elektroddan iborat ko‘z to‘rpardasi implantini yaratish ustida ishlab kelmoqda. U “aqlli” ko‘zoynaklar bilan birgalikda ishlab, insonga tasvirni uzatadi.

Ko‘zoynakka o‘rnatilgan kamera atrofdagi buyumlarni tasvirga oladi va ma’lumotlarni undagi mikrokompyuterga yuboradi. Tizim ma’lumotlar implant to‘rpardadagi elektrodlarga uzatiladigan yorug‘lik signallariga aylantiradi. Shundan so‘ng elektrodlar to‘rpardaga shunday ta’sir ko‘rsatadiki, inson tasvirning yorug‘lik nuqtalaridan iborat soddalashtirilgan oq-qora versiyasini ko‘radi.

“Bu xuddi tungi osmondagi yulduzlarni tomosha qilayotgandek bo‘lib, yulduz turkumlarini ajratishni o‘rganib olish kerak”, — deydi Gezzi.

Bundan tashqari, implant juda egiluvchan material — shaffof polimerdan tayyorlangan bo‘lib, uni operatsiya vaqtida o‘rnatish oson va to‘rparda bilan yaxshi aloqaga kirishadi. Hozircha texnologiya insonlarda sinab ko‘rilgani yo‘q, biroq ta’kidlanishicha, implant klinik sinovlarga tayyor.

Avvalroq Kanadada egasining dangasalik qilishiga yo‘l qo‘ymaydigan sun’iy intellektga ega ko‘zoynak yaratilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.