Deyarli hammamiz Dmitriy Mendeleyev kimyoviy elementlar davriy jadvalini tushida ko‘rib kashf qilgani haqidagi gapni eshitganmiz va ilm-fanning eng taniqli atributlaridan biri sifatida Mendeleyev jadvali kimyodan uzoq odamlarga ham tanish narsa, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 6-mart — hammamiz yaxshi biladigan davriy jadval haqida ilm-fan ilk bora xabar topgan kun bo‘lib, bundan roppa-rosa 152 yil muqaddam, ya’ni 1869-yilning shu sanasida Rus kimyo jamiyati majlisida tarixda ilk bora davriy qonun haqida o‘qib eshittirilgan edi. “Daryo” mazkur jadval tarixi haqida hikoya qiladi.

Dmitriy Ivanovich Mendeleyev

Foto: Google Photos

Qizig‘i shundaki, o‘sha majlisda Dmitriy Ivanovichning o‘zi ishtirok etmagan. Shu kuni uni yangi ishga tushirilgan kimyo zavodlaridan birining ochilish marosimiga taklif etishgan va u o‘sha yoqqa ketgan edi. Ilmiy majlisda esa davriy qonun haqidagi ma’ruzani Mendeleyev nomidan uning yaqin do‘sti va hamkasbi Menshutkin o‘qib eshittirgan. Yig‘ilganlar ma’ruzani jimgina tinglab, oxirida muallifni olqishlab, tinchgina tarqalishgan. Xuddiki bu odatiy majlislardagi har doimgi gaplardek qabul qilingan edi. Ya’ni o‘shanda juda ko‘pchilik hozirgina tinglangan ilmiy yangilikning mohiyatini anglamagan.

Haqiqatan ham aslida kimyoviy elementlarning muayyan tartibda tizimlashtirish g‘oyasi yangilik emas edi. O‘z vaqtida Dyobereyner, Jon Dalton, Yulius Mayer, Leopold Gmelin, Nyulends singari boshqa kimyogar olimlar ham kimyoviy elementlarning muayyan sistematik tartibotini ishlab chiqqan. Lekin aynan Mendeleyev elementlarning davriy qonun asosida tartiblanishini, ya’ni ularning atom og‘irligining o‘sib borishi tartibida davriylanishini birinchi bo‘lib fahmlagan deyish mumkin.

Albatta, Mendeleyev jadvalining ilk ko‘rinishi hozirgidek chiroyli tartiblangan va ranglar bilan farqlab ajratilgan elementlar katakchalaridan iborat bo‘lmagan. U oddiy ro‘yxat ko‘rinishida edi. Davriy jadvalning ilk namunasi o‘sha yilning 15-mart sanasida bosmadan chiqqan “Kimyo asoslari” darsligida berilgan. Yevropaga esa jadval aprel oyida yetib borgan. Yevropa ilmiy nashrlari ichida birinchi bo‘lib Mendeleyev jadvalini Leypsigdagi “Amaliy kimyo jurnali” chop etgan. Aytish mumkinki, shundan keyingina jahondagi ko‘p sonli olimlar ushbu davriy qonun va uning asosidagi jadvalning ahamiyatini anglab yetgan. Zero agar unga tayanib fikr qilinsa, demak Yer yuzida hali ochilmagan bir qancha kimyoviy elementlar mavjud edi va ularni kashf qilish ilm-fan va sanoat uchun yangi istiqbollarni ochib berardi. Haqiqatan ham shunday bo‘ldi. Mendeleyev davriy qonuning amaliy ahamiyati o‘zini ko‘p kuttirmadi. Oradan atigi olti yil o‘tib, ushbu qonun asosida avvaliga Fransiyada galliy elementni kashf etildi. Shuningdek, Germaniyada germaniy metallini olishga muvaffaq bo‘lindi. Bu esa davriy qonuni va jadval haq ekanining yaqqol isboti edi.

Foto: Google Photos

Shundan so‘ng Mendeleyevning obro‘si butun Yevropada keskin oshib ketdi. Unga turli nashrlardan jurnalistlar intervyu so‘rab tinimsiz murojaat qilishgan va go‘yoki olim davriy jadvalni tushida ko‘rgani haqidagi gapni ham aynan sensatsiyaparast jurnalistlar shov-shuv qilib, ommalashtirishgan. Olimning o‘zi esa bu haqida ortiqcha hissiyotga berilishni va qandaydir o‘ta ahamiyatli jihat deb qarashni xohlamagan deyish mumkin. Chunki u “Men bu qonun ustida balki yigirma yillab fikr yuritgandirman, sizlar esa yotdi-yu, tushida va ...tayyor deb o‘ylaysizlar” – degan edi. Haqiqatan ham hammamiz ham yaxshi bilamizki, odam muayyan bir narsani muttasil o‘ylayversa, u tushiga ham kiradigan bo‘ladi. Dmitriy Ivanovich bilan ham shunday bo‘lgan xolos aslida. U davriy jadvalni hech qanaqasiga tushida tasodifan ko‘rib, o‘z-o‘zidan kashf qilib qolmagan, balki yillab qilingan mulohazalar mahsulini tushida ko‘rgan, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Hozirgi kundagi Mendeleyev davriy jadvali olim o‘zi tartiblagan ko‘rinishdan ancha farq qiladi. Chunki, avvalo, o‘tgan bir yarim asrdan ziyod vaqt mobaynida yana juda ko‘plab elementlar kashf qilindi va jadval to‘ldirib, kengaytirib borildi. Qolaversa, hozirda elementlarning davriy tartiblanish sistemasi Mendeleyev yo‘lga qo‘ygan usul – atom og‘irligi tartibida emas, balki elementlarning yadro zaryadlarining ortib borishi tartibida tizimlashtirilgan bo‘lib, mutaxassislarning fikricha, aynan shunday tizim davriy qonunning fundamental xossalarini aniqroq ochib beradi. Qolaversa, zamonamizda boshqa ayrim kimyogarlar davriy jadvalning tamomila o‘zgacha talqinlarini ham taqdim etishmoqda.

Maqola so‘ngida Mendeleyev shaxsi haqida yana ba’zi qiziq faktlarni keltirib o‘tmoqchimiz.

Bilasizmi, aslida, Mendeleyev jadvali “Sokolov jadvali” deb ham yuritilishi mumkin edi. Chunki ular oilasining familiyasi Mendeleyev emas, aynan Sokolov bo‘lgan. Biroq uning bobosi cherkov xizmatiga kirgach, farzandlarining familiyasini o‘zgartirishga qaror qilgan ekan. Xususan, u katta o‘g‘lining familiyasini o‘zi yashagan Tixomir qishlog‘i sharafiga Tixomirskiy deb qo‘ygan va boshqa o‘g‘lining familiyasini esa yaqin qo‘shnilarining sharafiga ularning familiyasiga almashtirib bergan. O‘sha qo‘shnining familiyasi Mendeleyev bo‘lgan va shu o‘g‘lidan biz tanigan kimyogar olim dunyoga kelgan. Dmitriy Mendeleyev oilada 17-farzand bo‘lgan. Uning hayotda ikkita akasi va beshta opasi bo‘lib, qolgan aka-opalari yashab ketmagan (chaqaloqligida vafot etgan). Mendeleyev kimyodan dars berish bilan birga, chamadon yasaydigan mohir usta ham bo‘lgan. Uning chamadonlari juda sifatli bo‘lgani uchun doim xaridorgir bo‘lgan va butun sharqiy Yevropa bozorida o‘ziga xos brend – “aynan Mendeleyevniki” degan maqtov bilan sotilgan. Shuningdek, Mendeleyev yelim ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullangan.

Dmitriy Ivanovich Mendeleyevni uch bora Nobel mukofotiga tavsiya etishgan. Lekin olimga mukofotni olish nasib qilmagan. Gap-so‘zlarga qaraganda, mukofot hay’atidagi aynan Rossiya vakilining o‘zi Mendeleyevga qarshi ovoz bergan ekan.

Muzaffar Qosimov tayyorladi