Xalqaro kosmik stansiya (XKS) faoliyatini 2028-yilga qadar uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda “Energiya” Raketa-kosmik korporatsiyasi (RSC) kosmik kemalar va tashuvchi vositalar parvoz markazi boshlig‘ining o‘rinbosari Yuriy Gidzenko ma’lum qildi, deb yozmoqda “Kommersant”.

Foto: Shutterstock

“Ayni paytda biz shu haqda o‘ylayapmiz va stansiya 2028-yilga qadar orbitada bo‘lishi uchun allaqachon yuqori darajalarda qaror qabul qilingan” — dedi Gidzenko “Rossiya 24” telekanali efirida. “Shu bilan birga, XKSdagi yamalgan yoriqlar 2028-yilga qadar stansiyaning faoliyat muddatini qisqartirishga hech qanaqasiga ta’sir qilmaydi” — deb qo‘shimcha qildi u.

Fevral oyi oxirida Parvozni boshqarish markazi XKSning Rossiya korpusida havo sizib chiqadigan oltita yoriq bor bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan. 2020-yil oktabr oyida XKS ekipaji Rossiyaning “Zvezda” korpusi oraliq kamerasida 4,4-4,5 sm uzunlikdagi yoriqni aniqlagan.

“RBK“ nashrining xabar berishicha, Xalqaro kosmik stansiya (XKS) ekipaji stansiyadagi birinchi yoriqni germetik plomba bilan yopgan. Bu haqda NASA tomonidan efirga uzatilgan Parvozni boshqarish markazining ekipaj bilan muloqotiga asoslanib, “Interfaks” xabar berdi.

“Yashavor, yaxshi ishlading. Qolgan plomba moddasini olib, sumkaga solib qo‘yish uchun qo‘lqop kiyib ol”, —  degan markaz kosmonavti Sergey Rijikov.

Avvalroq ekipaj yoriq chekkasidan ikkita teshik ochib, ushbu qismdagi bosimni yengillashtirgan va yoriqni berkitish uchun tayyor holga keltirgan. Shundan so‘ng kosmonavtlar yoriqni spirtli mato bilan tozalab, uning ustini germetik aralashma bilan qoplagan. Markazda aytilganidek, aralashma bir yarim soat davomida qotadi, shundan so‘ng yoriq kapton lentasi bilan qoplanib yamaladi.

Shuningdek, “RIA Novosti” Rijikov “Zvezda” korpusidagi yoriq atrofidagi ikkita teshikni Shimoliy Afrikadagi qarag‘ay ignalaridan yasalgan yelim bilan yopgani haqida xabar qilmoqda. Kosmonavt teshiklarga yelim surgandan so‘ng, ularni floroplastik plyonka bilan yopgan. Keyin plyonkalar olib tashlanadi, o‘rni silliqlanadi va yoriqqa ikkinchi germetik qatlam qo‘yiladi. Keyinchalik yoriqqa uchinchi plomba qatlami o‘rnatilib, oxirgi yamoq qo‘yiladi.

Fevral oyi oxirida XKS ekipaji rus korpusidagi potensial yoriqlarni vaqtincha izolyatsiyaga oldi.

Astronavtlar “Zvezda” oraliq kamerasidagi birinchi yoriqni 2020-yil oktabr oyida aniqlagan, ayni paytda yoriq rezina va alyuminiy folga disk bilan yamalgan. Ekipaj 24-fevral kuni ushbu joydan havo sizib chiqish ehtimolini hisobga olib, bir necha qatlamli plyonka bilan yoriq o‘rnini yamab qo‘ydi. 2020-yil dekabr oyi o‘rtalarida XKSda yangi havo teshigi aniqlandi. “Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozinning so‘zlariga ko‘ra, XKSda havoning sizib chiqishi va bosimning pasayishi stansiyadagi Amerika uskunalari harakati tufayli yuz bergan bo‘lishi mumkin.

XKSning faoliyat muddati 2024-yilda tugashi kerak edi. Avvalroq stansiyaning ishlashi 2030-yilgacha uzaytirilishi mumkinligi haqida bir necha bor xabar berilgan.