Kanadadagi oltin oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi eng yirik kompaniyalardan biri Kitco 2020-yilda qazib olish hajmi bo‘yicha dunyodagi eng yirik oltin konlari reytingini tuzdi, deb xabar beradi Spot.

Foto: Bloomberg

Ma’lumotlar konlarni boshqaradigan kompaniyalarning rasmiy ma’lumotlari va raqamlari oshkor qilmaydigan konlarning taxminiy raqamlari asosida tuzilgan.

Reytingda birinchi o‘rin Navoiy viloyatidagi “Muruntov” koniga nasib etdi — bu yerda 2020-yilda 56,7 tonna oltin (2 million unsiya) qazib olingan. Konning resurs bazasi 4 ming tonnadan ortiq (150 million unsiya).

Tahlilchilarning baholashicha, yaqin kelajakda u dunyodagi eng yirik oltin koni nomini o‘zida saqlab qoladi.

Ikkinchi o‘rinni 45,3 tonna bilan Amerikaning “Karlin” koni egallagan bo‘lsa, uchinchi pog‘ona Rossiyaning “Olimpiada” koniga nasib etdi — 34 tonna.

Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, AQShning Nevada shtatidagi oltin konlarida yiliga 115,8 tonna qimmatbaho metallni qazib olinadi, bu sayyoradagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Dunyodagi eng katta ochiq oltin koni deb ataluvchi “Muruntov” esa yillik 66 tonna oltin bilan 2-o‘rinni egallagan.

Avvalroq O‘zbekiston 2020-yilning iyul oyida oltin sotish bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylangani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil sentabr oyi boshlarida O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari may oyidan buyon birinchi bor qisqardi. Mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 1-sentabr holatiga ko‘ra, 34,6 milliard dollarni, xalqaro zaxiralar — 33,8 milliard dollarni tashkil etdi. Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov oltin-valyuta zaxirasini sotib, mablag‘larni mamlakat iqtisodiyotini qutqarishga va ishsizlar soni ortishining oldini olishga yo‘naltirish mumkinligini aytgandi.