Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoyning koinotdagi imkoniyatlaridan xavotirda. Bu haqda AQSh kosmik kuchlari qo‘mondoni general Jon Reymondning The New York Times nashriga bergan intervyusiga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Jon Reymond

Foto: Global Look Press

“Xitoyda ham, Rossiyada ham turli quvvatdagi bir nechta yer usti lazer tizimlari mavjud. Yerdan turib yo‘q qilish yoki zarar yetkazish yoki bo‘lmasa sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanish qobiliyatimizdan mahrum qilish uchun orbitada ikkala mamlakatning ham bizni xavotirga soladigan imkoniyatlari mavjud”, — dedi Raymond.

General, shuningdek, rus sun’iy yo‘ldoshlaridan biri haqida gapirib, uni “matryoshka”ga qiyosladi va u “Yerga yaqin orbitadagi Amerika sun’iy yo‘ldoshlarini yo‘q qilish uchun” yaratilgan deb taxmin qildi.

2020-yilning dekabr oyida AQSh Mudofaa vazirligining kosmik qo‘mondonligi Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri tutishga qodir sun’iy yo‘ldoshga qarshi raketani (DA-ASAT tizimi) sinovdan o‘tkazgani haqida xabar bergan edi. Pentagonda sinovlarning sanasi va joyiga aniqlik kiritilmagan, ammo ular Moskva bir qator kosmik qurollar, shu jumladan, lazer ishlab chiqarayotgani va sinovdan o‘tkazayotganini ta’kidlagan.

O‘shanda, Vashington sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollarning bir nechta turini ishlab chiqish va joylashtirish “Rossiyaning kosmosga qurol joylashtirishga qarshi diplomatik va jamoatchilik pozitsiyasiga zid” ekanini aytgan.

Shuningdek, AQSh kosmik qo‘mondonligi 2020-yil aprel oyida Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshga qarshi raketasi sinovlari to‘g‘risida xabar bergan. O‘sha paytda Pentagon ushbu qurol past orbitada (sayyora yuzasidan 1600-2000 km baland) bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshlarni urib tushirishi mumkinligini aniqlagan. Shuningdek, Rossiya ham 2020-yilning iyulida Qo‘shma Shtatlar sun’iy yo‘ldoshga qarshi kosmik qurollarni sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar bergan.

Shundan so‘ng Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Moskvaga nisbatan kosmik sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollarni sinovdan o‘tkazish ayblovlari propaganda ma’lumotlarini to‘ldirish ekanini aytgan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Buyuk Britaniya vakillari o‘zlarining qurollarini kosmosga joylashtirish dasturini asoslash uchun vaziyatni buzib ko‘rsatishga urinayotganini ta’kidlagan.

Avvalroq Rossiya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Rashid Meredov “Koinotga birinchi bo‘lib qurol joylashtirmaslik to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonotni imzolagan edi.