Toshkentda voyaga yetmagan o‘g‘il bolaning nomusiga tegmoqchi bo‘lgan taksi haydovchisiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Poytaxt IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi shaxs qo‘lga olingan.

28-fevral kuni fuqaro B.J. 11 yoshli o‘g‘li Chilonzor tumanidagi uyidan amakisining uyiga borish uchun qora rangli Nexia-3 rusumli taksiga chiqqani, haydovchi esa unga nisbatan uyatsiz buzuq harakatlar sodir etganini aytib, Chilonzor tumani IIO FMB tergov bo‘limiga murojaat qilgan edi.

Shundan so‘ng taksi haydovchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 1-qismi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondor qidirilayotgani xabar qilingan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor 47 yoshli G‘.D. ekanligi ma’lum bo‘ldi. “Hozirgi kunda u ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan ayb e’lon qilinib, sud tomonidan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkentda liftda voyaga yetmagan qizlarga tegajog‘lik qilgan erkak 1,5 yilga qamalgani, Sirdaryolik erkak maktab hojatxonasida 8 yoshli qizga nisbatan axloqsiz harakatlarni amalga oshirgani ma’lum bo‘lgani hamda Sirdaryoda o‘gay qiziga zo‘ravonlik qilgan ayol ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar berilgandi.