Fransiya harbiylari mamlakat Qurolli kuchlari tarixida birinchi marta 8-mart, dushanba kuni koinotda o‘quv mashg‘ulotlarini boshladi. Bu haqda Fransiya OAVga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Global Look Press

O‘quv mashg‘ulotlar 1965-yilda uchirilgan birinchi fransuz sun’iy yo‘ldoshiga bag‘ishlanib, AsterX deb nomlandi. Mashg‘ulotlar paytida harbiylar o‘ta xavfli kosmik obyekt va Fransiya sun’iy yo‘ldoshiga nisbatan tahdidlarni kuzatib boradi.

“Ssenariy bo‘yicha bir qator voqealar yuz beradi va bizning kosmik infratuzilmamizga nisbatan inqirozli vaziyatlar va tahdidlar paydo bo‘ladi, lekin bu hammasi emas” — deydi kosmik kuchlar qo‘mondoni Mishel Fridling Tuluzadagi qo‘mondonlik shtabida o‘tkazilgan matbuot anjumanida. U mashqlarni “bizning (fransuzlarning) tizimlarimiz uchun stress sinovi” deb atadi va ular “Fransiya armiyasi va hatto Yevropa uchun birinchi” ekanini ta’kidladi.

OAV xabarlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda AQSh kosmik kuchlari va Germaniya kosmik agentliklari ham ishtirok etmoqda. Ular 12-mart, juma kunigacha davom etadi.

Ma’lumot uchun, Fransiya kosmik kuchlari qo‘mondonligi 2019-yilda tashkil etilgan. 2019—2025-yillarda uni moliyalashtirishni 5 milliard dollarga, xodimlar sonini esa 500 kishiga yetkazish rejalashtirilgan.

OAVning qo‘shimcha qilishicha, avvalroq Fransiya mudofaa vaziri Florans Parli “bizning ittifoqchilarimiz va raqiblarimiz kosmosni harbiylashtirmoqda va biz ham harakat qilishimiz kerak”, deb ta’kidlagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Parij sun’iy yo‘ldoshga qarshi lazer qurollari hamda Rossiya, Xitoy va AQSh bilan texnologik tafovutni kamaytirish uchun razvedka vositalarini ishlab chiqarmoqchi.

Avvalroq Qo‘shma Shtatlar Rossiya va Xitoyning koinotdagi imkoniyatlaridan xavotirda ekani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, AQSh kosmik qo‘mondonligi 2020-yil aprel oyida Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshga qarshi raketasi sinovlari to‘g‘risida xabar bergan. O‘sha paytda Pentagon ushbu qurol past orbitada (sayyora yuzasidan 1600-2000 km baland) bo‘lgan sun’iy yo‘ldoshlarni urib tushirishi mumkinligini aniqlagan.