“Roskosmos” rahbari Dmitriy Rogozin va Xitoy milliy kosmik boshqarmasi (XMKB) rahbari Chjan Ketzyan ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida xalqaro ilmiy oy stansiyasini (XIOS) qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro kelishuv memorandumini imzoladi. Bu haqda “Roskosmos” ma’lum qildi deb yozadi, “RBK”.

Foto: AP Photo

“‘Roskosmos’ va XMKB barcha manfaatdor mamlakatlar va xalqaro hamkorlar uchun ochiq XIOS yaratish bo‘yicha sheriklikni rivojlantirishga intiladi, bundan ko‘zlangan maqsad ilmiy-tadqiqot sohasidagi birdamlikni kuchaytirish va butun insoniyatning manfaatlaridan kelib chiqib koinotni tinch maqsadlarda o‘rganish va ulardan foydalanishni rag‘batlantirishdan iborat”, — deyiladi “Roskosmos” bayonotida.

Loyiha doirasida Rossiya va Xitoy birgalikda Oy stansiyasini qurish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadi, shuningdek, “XIOS qurish loyihasini yaratish, rejalashtirish, asoslash, dizaynini yaratish, ishlab chiqish, amalga oshirish, shu jumladan, uni dunyo kosmik hamjamiyatiga taqdim etishda” hamkorlik qiladi.

Yanvar oyi oxirida “Roskosmos” Rossiya AQSh bilan qo‘shma Oy dasturida ishtirok etishdan bosh tortganini aytdi. NASA’ning Oy loyihasi “tashqi hamkorlarning ishtiroki cheklangan Amerika loyihasidir” va Rossiyani bu loyiha qiziqtirmaydi, deb izohlagan Rogozin. U mamlakat Oyni tadqiq qilish bo‘yicha 2021-yilda boshlanadigan o‘z dasturiga ega ekanini ta’kidlagan.

O‘z navbatida Pentagon Rossiya va Xitoy tomonidan koinot sohasidagi tahdidlar o‘sgan deb hisoblaydi. “Xitoyda ham, Rossiyada ham turli quvvatdagi bir nechta yerusti lazer tizimlari mavjud. Yerdan turib yo‘q qilish yoki zarar yetkazish yoki bo‘lmasa sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanish qobiliyatimizdan mahrum qilish uchun orbitada ikkala mamlakatning ham bizni xavotirga soladigan imkoniyatlari mavjud”, — dedi AQSh kosmik kuchlari qo‘mondoni general Jon Reymond.

The Wall Street Journal’ning xabar berishicha, AQSh Oyni o‘rganishda o‘zi ishtirok etishni niyat qilgan. Xabarga ko‘ra, harbiylar kelajakda NASA’ning Oydagi bazalarini va AQShning resurslarni qazib olish uchun uyushtiradigan tijoriy operatsiyalarini himoya qilmoqchi.

Rogozin ushbu xabarlarga fikr bildirar ekan, Yerning sun’iy yo‘ldoshi va Oy tadqiqotlarini harbiylashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi.

Avvalroq Rossiya va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Rashid Meredov “Koinotga birinchi bo‘lib qurol joylashtirmaslik to‘g‘risida”gi qo‘shma bayonotni imzolagan edi.