AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar bir nechta yo‘nalishlarda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi. Bu haqda Davlat departamenti rahbarining AQSh Kongressi Vakillar palatasining Tashqi aloqalar qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan majlisdagida nutqida aytildi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.

Foto: Flickr

Blinkenga ko‘ra, xavfsizlik va iqtisodiy sohalarni mustahkamlash, shuningdek, demokratik va korrupsiyaga qarshi kurash institutlari uchun Kiyevga qo‘shimcha yordam ko‘rsatiladi.

“Biz Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlaymiz, xavfsizlik va iqtisodiyot sohasida va mamlakatda demokratiyani mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini rivojlantirishi uchun ushbu yordamni kuchaytirish niyatidamiz”, — deb ta’kidladi davlat kotibi.

Shuningdek, u Ukrainaning tashqi tajovuzlarga qarshi turishi va shu bilan birga, korrupsiya kabi ichki muammolarni hal qilishi kerakligini tushuntirdi.

Ma’lumot uchun, AQSh Ukrainaga 125 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini ajratishi rejalashtirgan edi. Yangi paket Ukrainaga “hududiy yaxlitlikni saqlashga, shuningdek, o‘z chegaralarini himoya qilishni ta’minlashga” yordam berish maqsadida ishlab chiqilgan. Ajratilgan mablag‘ “NATO bilan o‘zaro hamkorlikni” yaxshilashga ham sarflanadi.

Nihoyat, Blinken yana bir bor AQShning Qrim anneksiyasini tan olmasligini va “Donbassdagi Rossiya agressiyasi”ga qarshi ekanini ta’kidladi.

Avvalroq AQSh Rossiyaga Qrim sabab kiritilgan sanksiyalar muddatini bir yilga uzaytirib, Navalniy tufayli sanksiyalarning ikkinchi raundi haqida ogohlantirgan edi.