Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va uning oilasini qo‘riqlash uchun 2017-yildan beri budjetdan yiliga 200 million rubl (2 719 153 dollar)dan jami bir milliard rubl (13 593 402 dollar) mablag‘ sarflangan. Bu haqda davlat xaridlari ma’lumotlari va “Kontur.Fokus” bazasiga asoslanib, Meduza xabar berdi.

Foto: tvc.ru

Mazkur mablag‘ evaziga Checheniston rahbari va uning qarindoshlari 388 nafardan 430 nafargacha Rossiya gvardiyasi askarlari tomonidan qo‘riqlangan.

2021-yil fevralida Qodirovning ish qarorgohiga, shuningdek, uning oila a’zolariga tegishli shaxsiy uylarga xizmat ko‘rsatadigan muassasalar Rosgvardiya bilan bir yil muddatga umumiy qiymati 201,4 million rubl (2 737 026 dollar) bo‘lgan bir nechta shartnomalar tuzdi. Mablag‘ning yarmidan ko‘prog‘i — 102,1 million rubl (1 387 646 dollar) Ramzan Qodirovning onasi Aymani Qodirova va uning oilasini himoya qilish uchun mas’ul muassasa tomonidan ajratilgan.

Nashrning qayd etishicha, 2017-yilda Checheniston idoralari 101,6 million rublga (1 380 744 dollar) 200 nafar qo‘riqchini yollagan: 62 kishi Checheniston rahbarining qarorgohini, yana 62 kishi Qodirovlar oilasining shaxsiy uyini qo‘riqlash uchun yuborilgan, qolganlari Grozniydagi Qodirov ma’muriyati binosini kuzatish bilan band bo‘lgan.

Keyinchalik muhofaza qilinadigan obyektlarning manzillari xaridlar haqidagi hujjatlardan olib tashlangan. Shu bilan birga, hujjatlarda “Checheniston Respublikasi birinchi prezidenti A.A. Qodirovning beva ayolining ijtimoiy va boshqa kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq muhofaza qilinadigan obyekt nomlari qolgan. Ushbu qonunga binoan Aymani Qodirova va uning oila a’zolari xavfsizlik bilan ta’minlangan, shuningdek, Qodirovning onasi kommunal to‘lovlardan ozod qilinib, unga qarilik nafaqasining 23 baravari miqdorida oylik nafaqa tayinlangan hamda bepul tibbiy va transport xizmatlari ko‘rsatilgan.

Taqqoslash uchun, Checheniston Federal soliq xizmatining yillik himoyasi uchun budjetdan ajratilgan mablag‘ 6,7 ​​million rubl (91 053 dollar), respublikadagi barcha sudlarning himoyasi uchun esa 26 million rubldan (353 308 dollar) oshmaydi.

Avvalroq Ramzan Qodirovning 30 yoshli qarindoshi Xas-Magomed Qodirov Grozniy shahar meri lavozimiga tayinlangan edi. Shuningdek, Chechenistonda Qodirov va uning qarindoshlari sharafiga nomlangan 346 ta ko‘cha borligi hamda Ramzan Qodirovning “qat’iy qarshiligi”ga qaramay, Chechenistonda Ramzan Qodirov nomli masjid qurilishi haqida xabar berilgandi.