Rossiya Davlat Dumasi deputatlari Aleksandr Xinshteyn va Yelena Yampolskaya Ikkinchi Jahon urushi davrida SSSRda nashr etilgan bosma materiallarni kutubxonlar tomonidan yo‘q qilinishini taqiqlovchi qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda Xinshteyn o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Foto: “Kommersant”

“Bir bema’ni ishdan xabar topdim. Ma’lum bo‘lishicha, Ikkinchi Jahon urushi davrida SSSRda nashr etilgan kitoblar, gazetalar, jurnallar, varaqalar, plakatlar va boshqa bosma materiallar hech qanday tarzda davlat tomonidan himoya qilinmaydi, vaholanki, bular eng muhim tarixiy hujjatlar, shuningdek, buyuk davr qahramonliklari va fojiasidan dalil hisoblanadi. Bugun kutubxonalarning ularni hisobdan chiqarishi, tashlab yuborishi, yoqib yuborishi, makulatura sifatida topshirishiga yo‘l qo‘yilmoqda” — deyiladi deputatning Telegram postida.

Xinshteyn, shuningdek, kanalda qonun loyihasinining o‘zini ham e’lon qildi. Unda kutubxonachilik ishi to‘g‘risidagi qonunga har qanday mulk shaklidagi kutubxonalarga 1939-yil 1-sentabrdan 1945-yil 2-sentabrgacha SSSRda yaratilgan va 1947-yilgacha birinchi marta nashr etilgan “bosma nashrlarni, boshqa har qanday hujjatlarni” hisobdan chiqarishni taqiqlovchi bandni qo‘shish taklif etiladi.

Davlat Dumasining ma’lumotlar bazasida hali qonun loyihasi mavjud emas. Xinshteynning ma’lum qilishicha, hujjat 12-mart kuni Davlat Dumasiga taqdim etiladi.

Deputatning ta’kidlashicha, Ikkinchi Jahon urushiga oid hujjatlarni yo‘q bo‘lib ketishdan himoya qilish tashabbusi dastlab ilmiy va tarixiy jamoatchilik tomonidan ko‘tarilgan bo‘lib, Rossiya davlat gumanitar universiteti rektori deputatga bu masalada tegishli murojaat yuborgan.