Yoqutistondagi Ust-Nera posyolkasi uzra yorqin obyekt uchib o‘tdi, deb xabar beradi Meduza. Taxminlarga ko‘ra, u meteorit yoki osmonda yonayotgan kosmik chiqindi bo‘lishi mumkin.

Bu esa o‘sha obyektning boshqa rakursdan olingan videosi.

Telegram’dagi Mash kanalining Chelyabinsk meteoritini tadqiq etgan Ural federal universiteti professori Viktor Goroxovskiyga tayanib yozishicha, bu biror kosmik jism emas, balki Xalqaro kosmik stansiya bortidan tashlangan chiqindi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 11-mart kuni chindan ham XKS bortidan chiqindilar mavjud platforma — eski nikel-vodorod akkumulyatorlari tashlangan. Biroq mazkur akkumulyatorlar Yerga bunchalik tez yetib kelishi kerak emas: NASA’ning ma’lum qilishicha, chiqindi “Yer atrofida ikki—to‘rt yil aylanadi, shundan so‘ng, atmosferada xavfsiz yonib ketadi”.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyda 23-dekabr kuni meteorit ekanligi taxmin qilingan katta olovli shar osmon bo‘ylab uchib o‘tgandi.