Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida 2020-yilning sentabr oyida 14 yoshli qizni o‘g‘irlash, nomusiga tegish kabi jinoyat sodir etilgan shaxslar jazosiz qolayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, hozirda holat yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: O‘zA

Aniqlanishicha, holat yuzasidan O‘rta Chirchiq tumani prokurori tomonidan 2020-yil 30-sentabr kuni Jinoyat kodeksining 128-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilgan.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida jinoyat ishiga jalb qilingan gumondor shaxsni ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilish uchun asoslar yetarli emasligi, tayinlangan ekspertizalar xulosalari tayyor bo‘lmaganligi sababli 2020-yil 30-oktabr kuni jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki surishtiruv harakatlari jinoyat-protsessual tartibida harakatdan vaqtincha to‘xtatilgan.

“Mazkur jinoyat ishi 2021-yil 13-fevral kuni qayta tiklanib, tergov har tomonlama to‘la va xolisona olib borilishini ta’minlash, ayblanuvchi, fuqaroviy da’vogar va jabrlanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarni aniqlash uchun holatga guvoh bo‘lgan shaxslarni tergovga jalb qilish zarurligi sababli jinoyat ishi tergov organiga o‘tkazilgan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda O‘rta Chirchiq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Xalq so‘zi online”ning Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovga tayanib yozishicha, mazkur holat qo‘mita tomonidan o‘rganib chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tergov ishi har tomonlama to‘la va xolisona olib borilishi hamda yakunlari bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishini nazoratga olgan.

Avvalroq Toshkentda 10 yoshli bolaning nomusiga tegishga uringani aytilgan taksi haydovchisi ushlangani, Yangiyo‘lda 8 yoshli maktab o‘quvchisini o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.