“Ichki iste’mol bozorini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

Qarorga ko‘ra, 2021-yilda asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ichki resurslar hisobidan ta’minlash darajasi oshiriladi.

Shuningdek, hududlar kesimida asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishning prognoz hajmlari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, respublika bo‘yicha jami 2 449 108 tonna kartoshka, 227 222 tonna guruch, 1 584 863 tonna go‘sht, 8 124 595 ming dona tuxum ishlab chiqarish belgilangan. 78 ming tonna o‘simlik yog‘i, 64 ming tonna shakar, 300 ming tonna kartoshka, 40 ming tonna go‘sht import asosida keltirilishi nazarda tutilgan.

Har yili ekib kelinayotgan kartoshka maydonlaridan kamida 10 foizga ko‘p maydonga, jami 87 ming gektardan kam bo‘lmagan maydonlarga kartoshka ekilishi uchun urug‘lik zaxirasi yaratiladi.

2021-yildan tuproq va iqlim sharoiti, suv ta’minoti yaxshi bo‘lgan qulay hududlarda 1 gektargacha bo‘lgan maydonlarda kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi.

Chetdan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari keltirish maqsadlari uchun tijorat banklari xo‘jalik yurituvchi subyektlarga aylanma mablag‘lar uchun belgilangan tartibda kreditlar ajratadi.